Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida mamlakatimiz transport infratuzilmasini tubdan yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat e'lon qilindi. Unga ko'ra, “Temir yo'l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo'lovchi tashuvlarini o'zaro uyg'unlikda kompleks rivojlantirish bo'yicha 2030-yilgacha mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Hujjat loyihasida keltirilishicha, yirik shaharlarda temir yo'l vokzallari va aeroportlarni o'zaro bog'lovchi yangi temir yo'l tarmoqlarini bosqichma-bosqich barpo etish va ularning sonini 3 taga yetkazish rejalashtirilgan. Xususan, strategiya doirasida “Toshkent-Shimoliy” temir yo'l vokzali bilan Yangi Toshkent aeroporti, Urganch temir yo'l vokzali bilan Urganch xalqaro aeroporti, shuningdek, Buxoro temir yo'l vokzali bilan Yangi Buxoro aeroporti o'rtasida elektrlashtirilgan temir yo'l liniyalarini qurish va o'zaro bog'lash ko'zda tutilgan.
Shuningdek, mazkur strategiya doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Farg'ona shaharlarida jami 6 ta yirik transport uzelini (transport hub) tashkil etish ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, aeroportlar, temir yo'l vokzallari va avtovokzallarni o'zaro bog'lovchi kamida 20 ta yangi jamoat transporti yo'nalishlarini yo'lga qo'yish rejalashtirilmoqda, bu esa aholiga qo'shimcha qulayliklar yaratishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 2028-yil 1-yanvardan boshlab temir yo'l, havo va avtobus qatnovlarini to'liq qamrab oluvchi “Bir yo'l” yagona milliy raqamli transport platformasini ishga tushirish belgilangan. Ushbu tizim yagona elektron chipta tizimini joriy etish hamda yo'lovchilarga “eshikdan eshikkacha” tamoyili asosida o'z safarlarini qulay rejalashtirish imkoniyatini taqdim etishi aytilmoqda.
Source: www.gazeta.uz