O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters sans frontières, RSF) xalqaro nohukumat tashkilotining Matbuot erkinligi indeksida mamlakat ko‘rsatkichlarini yaxshilash vazifasini qo‘ydi. 15-oktabr kuni imzolangan qarorda Senat raisi boshchilik qiladigan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi mavzuni har yili palatada muhokama qilishini nazarda tutadi. Hujjatda 2016–2017-yillardagi islohotlar boshlanganidan keyin 2019–2022-yillarda 36 pog‘ona o‘sish kuzatilgani, biroq 2024-yildan buyon reyting 14 pog‘onaga pasaygani yuzasidan xavotir bildirilgan. “Gazeta.uz” RSF OAV erkinligi bo‘yicha vaziyatni “juda murakkab” deb baholab, O‘zbekistonga 180 davlat orasida 147-o‘rinni bergani haqida yozgan edi.
Asosiy faktlar: Senat Kengashi RSF Matbuot erkinligi indeksidagi O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha ishchi guruh tuzdi. Hujjatda 2019–2022-yillarda 36 pog‘ona o‘sish, 2024-yildan buyon 14 pog‘ona pasayish qayd etilgan; RSF bahosida mamlakat 180 davlat orasida 147-o‘rinda. Yangi guruh indeks indikatorlari, baholash usullari va boshqa davlatlar tajribasini o‘rganib, qonunchilik va OAV mustaqilligi bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.
Senat qarorida indeksning pasayishi jahon tendensiyasi ekani va axborot sohasida ijobiy o‘zgarishlar mavjudligi qayd etilgan bo‘lsa-da, muammolar tan olinadi. RSF ma’lumotlariga ko‘ra reytingga ta’sir qilgan asosiy omillar qatorida mustaqil xususiy televideniyening yetarli shakllanmagani, davlat radioeshittirishining asosan rasmiy axborot va targ‘ibot materiallari bilan cheklanishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, OAV faoliyati ustidan davlat nazorati yuqori darajada saqlanib qolayotgani, ayrim blogerlarning davlat organlari bilan yaqin aloqada ekani qayd etilgan.
Hujjatda OAV va jurnalistlar faoliyatini cheklovchi qonunchilik normalarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan islohotlar yetarli amalga oshirilmayotgani, ayrim hollarda mansabdor shaxslar iqtisodiy bosim o‘tkazishga va jurnalistlarga ta’sir qilishga urinayotgani, rasmiy OAVda korrupsiya bilan bog‘liq holatlar cheklangan yoritilayotgani qayd etilgan. Shu bilan birga, Senat so‘nggi yillarda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar hisobotda yetarlicha inobatga olinmaganini ta’kidlaydi.
Qarorda reytingni yaxshilash uchun mas’ul bo‘lgan Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 2025-yilda tugatilgani eslatiladi. Yangi mas’ullar sifatida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi, Prezident administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi hamda Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz ko‘rsatilgan.
Tuzilgan ishchi guruh tarkibiga Senat, Prezident administratsiyasi, bir qator vazirlik va idoralar hamda nodavlat tashkilotlar vakillari kiritildi. Guruh indeks indikatorlarini, baholash masalalari va ma’lumotlarni to‘plash usullarini o‘rganishi, har bir indikator bo‘yicha kuchli tomonlar va muammoli jihatlarni aniqlashi, boshqa davlatlar tajribasini qiyosiy tahlil qilishi kerak. Yakunlar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, davlat organlari ochiqligini oshirish, jurnalistlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va OAV mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash topshirildi. Guruh jurnalistlar, blogerlar va ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, axborot olishdagi to‘siqlar, kasbiy faoliyatga aralashish, iqtisodiy bosim va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni tizimlashtirishi lozim; jurnalistlarga nisbatan tahdidlar, bosim, zo‘ravonlik va kasbiy faoliyatga aralashuv holatlari alohida o‘rganilishi ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz