O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yil yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalari aks etgan batafsil to‘plamni e’lon qildi. Hujjatda O‘zbekiston aholisining tug‘ilgan joyi, asosiy muloqot tili, istiqomat qilayotgan uy-joy turlari, hududlar bo‘yicha taqsimoti hamda etnik tarkibi haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi 39,05 million nafarni tashkil etadi, shundan 38,86 million nafari O‘zbekiston hududida tug‘ilgan.
Asosiy faktlar: 39,05 million nafar aholining 189,6 ming nafari yoki qariyb 0,5 foizi xorijda tug‘ilgan. Xorijda tug‘ilganlar orasida Tojikiston (50,9 ming nafar), Rossiya (38 ming nafar), Qozog‘iston (29,4 ming nafar) va Qirg‘iziston (25,3 ming nafar) yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Toshkent shahrida xorijda tug‘ilgan 51,6 ming kishi istiqomat qiladi, bu jami xorijda tug‘ilganlarning qariyb 27 foizini tashkil qiladi.
Mutaxassislar uchun bu to‘plam aholining tug‘ilgan joyi va hozirgi yashash hududi o‘rtasidagi nisbatni taqqoslash imkonini beradi. Shaxsning tug‘ilgan joyi uning hozirgi fuqaroligini anglatmasligi alohida qayd etilgan: boshqa davlatda tug‘ilgan kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi va respublika hududida uzoq yillar yashashi mumkin. Toshkent shahrining 3,22 million nafar aholisidan 2,63 million nafari bevosita poytaxtda tug‘ilgan, qolgan 596,2 ming nafari (18,5 foiz) Toshkent shahridan tashqarida — boshqa hududlarda yoki xorijiy davlatlarda tug‘ilgan.
E’lon qilingan jadvallarga ko‘ra, poytaxt aholisining 544,6 ming nafari respublikaning boshqa hududlarida, yana 51,6 ming nafari xorijiy davlatlarda tug‘ilgan. Toshkent shahrida yashovchilar orasida Toshkent viloyatida tug‘ilganlar 118,9 ming nafarni, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilganlar 81,2 ming nafarni, Samarqand viloyatida tug‘ilganlar 59 ming nafarni, Buxoro viloyatida tug‘ilganlar 43,6 ming nafarni va Surxondaryo viloyatida tug‘ilganlar 38,1 ming nafarni tashkil etadi. Umuman, O‘zbekiston bo‘yicha 1,25 million nafarga yaqin kishi yoki aholining 3,2 foizi o‘zi tug‘ilgan hududdan boshqa hududda istiqomat qilmoqda. 2026-yil ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakatda 34,9 million nafar etnik o‘zbek (89,4 foiz), 1,28 million nafar tojik (3,3 foiz), 841,4 ming nafar qoraqalpoq (2,2 foiz), 707,3 ming nafar qozoq (1,8 foiz), 606,5 ming nafar rus (1,6 foiz), 219,1 ming nafar qirg‘iz (0,6 foiz), 194,8 ming nafar turkman (0,5 foiz) va 300 ming nafar boshqa millat vakillari (0,8 foiz) istiqomat qiladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari aholi siyosati, infratuzilma, bandlik va hududiy rivojlanish dasturlarini aniqlashtirish uchun muhim asos bo‘ladi. Shu bilan birga, ro‘yxatga olish ichki migratsiyaning barcha holatlarini qamrab olmaydi: odam bir hududdan boshqasiga bir necha marta ko‘chib, keyin tug‘ilgan joyiga qaytishi mumkin, hujjatlar esa ko‘chish vaqti va sabablarini ko‘rsatmaydi. Keyingi bosqichda to‘plamning to‘liqroq kesimlari va hududiy tahlillar e’lon qilinishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz