Boku harbiy sudi sobiq Tog'li Qorabog' davlat vaziri, tadbirkor Ruben Vardanyanni 20 yil ozodlikdan mahrum qilgan. Bu haqda davlat agentligi Azertag xabar berdi. Ilgari ayblov tomoni umrbod qamoq jazosini talab qilgan edi.
Sud jarayoni 2025-yil yanvar oyida Bokuda boshlangan. Davlat nomidan jabrlanuvchi sifatida Ozarbayjon vazirlar mahkamasi apparati rahbari Rufat Mammadov chiqqan bo'lib, u prokuratura tomonidan taqdim etilgan dalillarga roziligini bildirgan va suddan qaror chiqarishda ularni hisobga olishni so'ragan.
Vardanyan oilasi hukmni "dahshatli, lekin kutilgan" deb atadi. Qarindoshlarning so'zlariga ko'ra, sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o'tkazilgan, ayblovlar bo'yicha dalillar esa taqdim etilmagan. Ular, shuningdek, tadbirkor va siyosiy mahbuslar deb hisoblagan boshqa arman mahbuslarini ozod qilish uchun kurashish niyatida ekanliklarini bildirdi.
Vardanyan — tadbirkor va investor bo'lib, Forbes jurnali reytingiga ko'ra eng boy rossiyalik biznesmenlar qatoriga kirgan. 2022-yil kuzida u rossiya fuqaroligidan voz kechgan, bu qaror Tog'li Qorabog' atrofidagi vaziyat bilan bog'liq ekanligini aytgan.
Tadbirkor 2023-yil sentyabr oyida Ozarbayjonning mintaqadagi harbiy operatsiyasidan so'ng, natijada bahsli hudud Boku nazoratiga o'tganidan keyin Armanistonga kirishga urinayotganda Ozarbayjon huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlangan. Shundan beri u qamoqda bo'lgan.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, Vardanyanga terrorizmni moliyalashtirish, noqonuniy qurolli tuzilmalar yaratish va Ozarbayjon davlat chegarasini noqonuniy kesib o'tish kabi 40 dan ortiq ayblovlar qo'yilgan.
Source: kun.uz