Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning majlisi protokoli tasdiqlandi. 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha bir qator tovarlar uchun import bojlarining pasaytirilgan stavkalari qoʻllaniladi, ayrim yoʻnalishlar boʻyicha esa bojlar toʻlanmaydi.
2026-yil 16-fevraldagi Hukumatlararo komissiyaning majlisi protokoli tasdiqlandi. Hujjatda yuqori qoʻshilgan qiymatli sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator tovarlar boʻyicha amaldagi stavkalar oʻrniga vaqtincha pasaytirilgan import boji stavkalarini joriy etish belgilandi.
Vaqtincha stavkalar 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvargacha, tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida import qilinadigan tovarlar uchun ayrim Tovar nomenklaturasi kodlari boʻyicha pasaytirilgan stavkalar "Loyihalar va import shartnomalari ekspertizasi markazi" Davlat unitar korxonasining ijobiy xulosasi asosida qoʻllaniladi. Agar shartlar bajarilmasa, amaldagi stavkalar qoʻllaniladi.
Pasaytirilgan stavkalar doirasida, apelsin, ananas, greypfrut, pomelo va boshqa sitrus mevalaridan sharbat ishlab chiqarishda foydalaniladigan meva konsentratlari uchun 3 foiz miqdorida import boji belgilandi.
Asosiy yangiliklar qatoriga olmos, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, shuningdek, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan alyuminiy sim uchun import bojidan ozod qilish kiradi.
Source: kun.uz