Ukrainaning Oliy korrupsiyaga qarshi sudi (VAKS) 17-fevral kuni sobiq energetika vaziri German Galushchenkoga nisbatan qamoq jazosini belgilab, uni 60 kun muddatga, ya'ni 15-aprelgacha qamadi.
Sud qarorida, sobiq amaldor 200 million griven (taxminan 3,9 million dollar) garov to'laganda qamoqdan ozod qilinishi mumkinligini belgiladi. Shu bilan birga, ayblov tomoni bundan ham yuqori summani talab qilgan.
Agar garov evaziga ozod qilinsa, unga Kiyev va Kiyev viloyati chegaralaridan chiqish, ishning boshqa ishtirokchilari, jumladan Timur Mindich bilan aloqa qilish taqiqlanadi, shuningdek, elektron bilaguzuk taqish majburiyati yuklanadi. Galushchenko sud qaroriga shikoyat qilish va huquqiy himoya uchun mablag' yig'ishni boshlash niyatida ekanligini bildirdi, bu haqda "Interfaks-Ukraina" agentligi xabar berdi.
Sobiq vazir 15-fevral kuni Ukrainani tark etishga urinayotganda qo'lga olingan. Ukrainaning Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuraturasi va Milliy korrupsiyaga qarshi byuro ma'lumotlariga ko'ra, u "Midas" ishi doirasida, "Energoatom" davlat kompaniyasida mablag' o'g'irlashda gumon qilinayotgan shaxs sifatida tekshirilmoqda.
Source: kun.uz