Buyuk Britaniya parlamenti ikkala palatasi tomonidan 2009-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilgan fuqarolarga tamaki mahsulotlari va elektron sigaretlarni sotishni taqiqlovchi qonun loyihasi ma’qullandi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Hujjat kelasi hafta qirol Charlz III tomonidan imzolanishi kutilmoqda, shundan so‘ng u rasman kuchga kiradi. Qonun loyihasi hukumatga jamoat joylarida, jumladan bolalar maydonchalari, maktab va kasalxonalar hududlarida chekishga oid mavjud cheklovlarni kuchaytirish vakolatini beradi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan elektron sigaret va nikotin mahsulotlari reklamasi taqiqlanadi. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vaziri Ues Stritingning so‘zlariga ko‘ra, “Profilaktika har doim davolashdan samaraliroq. Bu islohot hayotlarni saqlab qoladi, Milliy sog‘liqni saqlash xizmati yukini kamaytiradi va Buyuk Britaniyani sog‘lomroq qiladi.”
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, faqat Angliyada chekish har yili 400 ming kasalxonaga yotqizish va 64 ming o‘limga sabab bo‘ladi. Tamaki bilan bog‘liq kasalliklarni (shu jumladan saraton va yurak xastaliklari) davolash uchun Milliy sog‘liqni saqlash xizmati yiliga 3 milliard funt sterling sarflaydi.
Source: kun.uz