Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ulug‘nor tumanida noqonuniy qimor o‘yini o‘tkazgan 6 nafar ta’lim xodimi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Baliqchi tuman sudi 2026-yil 30-yanvarda Ulug‘nor tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i D.R., uning sobiq o‘rinbosari T.O‘. va 4 nafar maktab direktori (F.U., M.A., M.R., Sh.Yo.)ga nisbatan qaror chiqardi. Ularning 4 nafari avval ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 14-yanvarda soat 21:30 da Baliqchi tumanidagi "Abduxalil ota" choyxonasida T.O‘. va boshqa 5 kishi 5000 so‘mdan pul tikib, 28 dona karta bilan qimor o‘ynagan. IIB xodimi bu holni aniqlab, o‘yindagi 205 000 so‘m va ishtirokchilardagi jami 617 000 so‘m pulni, shuningdek kartalarni ashyoviy dalil sifatida olgan.

Huquqbuzarlar sudda ayblarini tan olmadi. T.O‘. ularning Vatan himoyachilari kunini nishonlash uchun yig‘ilgani, faqat "12" nomli karta o‘yini o‘ynaganini, pulning ovqat uchun yig‘ilgan mablag‘ ekanini aytdi. Boshqalar ham shu fikrni bildirdi.

Baliqchi tumani IIB xodimi A.Ermatov guvoh sifatida o‘yin haqida tezkor ma’lumot olganini, choyxonaga borganini va jarayonni videoga olganini aytdi. U suddan huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rishni so‘radi.

Sud dalillar asosida ularning barchasini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 191-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topdi. Har biri 1 236 000 so‘m (BHMning 3 baravari) miqdorida jarimaga tortildi.

Avvalroq, Chortoq tumanidagi 8-maktab direktori ham xizmat xonasida qimor o‘ynagani uchun ishdan bo‘shatilgan edi.

Source: www.gazeta.uz