BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonda Orolbo‘yi hududida suv resurslarini boshqarishni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga barqarorlikni oshirishga qaratilgan yangi loyihani ishga tushirdi. Tashabbusga Yaponiya hukumati tomonidan 4,6 mln dollar mablag‘ ajratildi.
27-fevral kuni o‘tkazilgan hujjatlarni imzolash marosimida suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Hirata va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ishtirok etdi.
Loyiha 2026-2028-yillarda amalga oshiriladi va Orolbo‘yi aholisi salohiyatini integratsiyalashgan suv boshqaruvi orqali mustahkamlashni ko‘zlaydi. Asosiy yo‘nalishlar: milliy va mahalliy suv boshqaruvi institutlarini mustahkamlash, suv boshqaruvi tizimlarini raqamlashtirish, fermerlar uchun suv infratuzilmasini oshirish, mintaqaviy bilim almashinuvi.
Akiko Fujiining so‘zlariga ko‘ra, loyiha orqali mas’uliyatli suvdan foydalanish madaniyati shakllantirilmoqda. Gender tengligi asosiy tamoyil sifatida integratsiya qilingan.
Elchi Kenji Hirata loyihaning suv xavfsizligi va barqaror boshqarishga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.
Loyiha sug‘orish infratuzilmasini tiklash, aniq sug‘orish texnologiyalari va innovatsion yechimlar orqali 1000 dan ortiq fermer uchun suvdan foydalanish samaradorligini oshirishi kutilmoqda.
2023-2025-yillarda BMTTD va Yaponiya hamkorligida Orolbo‘yida iqlimga barqaror qishloq xo‘jaligi loyihasi amalga oshirilib, 376 mingdan ortiq aholi farovonligi yaxshilandi.
Source: www.gazeta.uz