Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jahon bankining “Tovar-xomashyo bozorlari istiqbollari” hisobotiga ko‘ra, 2026 yilda energiya resurslari narxi 24 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi eng yuqori darajadir. Ekspertlar bu o‘sishni Yaqin Sharqdagi urushning global tovar-xomashyo bozorlariga kuchli ta’siri bilan izohlaydi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, 2026 yilda xomashyo tovarlarining umumiy narxi 16 foizga oshadi, bunga energiya resurslari va o‘g‘itlarning keskin qimmatlashi, shuningdek, asosiy metallar narxining rekord darajaga yetishi sabab bo‘ladi. Jahon banki tahlili bu shok ish o‘rinlari yaratish va taraqqiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, Hurmuz bo‘g‘ozidagi energetika infratuzilmasiga hujumlar va kemalar qatnovidagi uzilishlar neft taklifida tarixdagi eng katta shokni keltirib chiqardi. Dastlab global ta’minot kuniga taxminan 10 million barrelga qisqardi. Brent neftining narxi aprel o‘rtalarida yil boshiga nisbatan 50 foizdan ko‘proq yuqori bo‘lib qoldi.

2026 yilda Brent neftining o‘rtacha narxi bir barrel uchun 86 dollarni tashkil etishi kutilmoqda, bu 2025 yildagi 69 dollardan sezilarli darajada yuqori. Prognozlar eng keskin uzilishlar may oyida yakunlanishi va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi 2026 yil oxirigacha tiklanishi taxminiga asoslangan.

Jahon banki guruhi bosh iqtisodchisi Indermit Gillning ta’kidlashicha, urush jahon iqtisodiyotiga to‘lqinsimon ta’sir ko‘rsatmoqda: avval energiya narxi, keyin oziq-ovqat narxi, so‘ngra inflyatsiya oshadi. Bu foiz stavkalarining ko‘tarilishiga va qarz olish xarajatlarining qimmatlashishiga olib keladi. Eng ko‘p zarar ko‘radiganlar kambag‘al qatlamlar va qarz yuki og‘ir rivojlanayotgan iqtisodiyotlardir.

Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda o‘g‘itlar narxi 31 foizga oshadi, karbamid narxi esa 60 foizga sakraydi. O‘g‘itlarning mavjudligi 2022 yildan beri eng past darajaga tushadi, bu fermerlar daromadlarini kamaytiradi va kelgusi hosilni xavf ostida qoldiradi. Jahon oziq-ovqat dasturi bahosiga ko‘ra, nizo uzoq davom etsa, 45 million kishi o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin.

Alyuminiy, mis va qalay kabi asosiy metallar narxi tarixiy eng yuqori darajaga yetishi kutilmoqda. Qimmatbaho metallar narxi 2026 yilda o‘rtacha 42 foizga oshadi. Jahon banki prognoziga ko‘ra, bu shoklar inflyatsiyani tezlashtiradi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi. Rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda inflyatsiya 5,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Harbiy harakatlar avj olgan taqdirda, Brent nefti narxi bir barrel uchun 115 dollargacha ko‘tarilishi mumkin. Bu o‘g‘itlar va bioyoqilg‘i narxining yanada oshishiga olib keladi. Bunday ssenariyda rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda inflyatsiya 5,8 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.

Jahon banki bosh iqtisodchisi o‘rinbosari Ayxan Kose hukumatlarni bozor mexanizmlarini buzmaslikka va eng zaif uy xo‘jaliklariga yo‘naltirilgan vaqtinchalik yordamga e’tibor qaratishga chaqiradi. Hisobotda geosiyosiy xavf-xatarlar davrida neft narxi volatilligi ikki baravar yuqori ekani qayd etilgan.

Source: www.gazeta.uz