Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi demokratlari va mahalliy demokrat a’zolar tomonidan tashkil etilgan sayyor eshituvda Jeffrey Epshteynning bir guruh jabrlanuvchilari ilk bor omma oldida chiqish qildi. Ularning orasida o‘zbekistonlik ekani bildirilgan 36 yoshli Roza ismli ayol ham bor edi. Ushbu eshituv hech qanday huquqiy kuchga ega emas, biroq Epshteyn ishini jamoatchilik diqqat markazida tutib turish maqsadida rejalashtirilgan.

Rozaning so‘zlab berishicha, u O‘zbekistondagi kam ta’minlangan oilalardan birida katta bo‘lgan va o‘smirlik chog‘ida Epshteynning sherigi, model agentligi rahbari Jan-Lyuk Bryunel tomonidan jalb qilingan. U 2009-yil iyul oyida Bryunel orqali Epshteyn bilan tanishganini, “moliyaviy muammolarimni hal qilishda yordam berish” va’dasi bilan AQShga aldab chaqirilganini aytdi.

“Epshteyn meni voyaga yetmagan shaxsni fohishalikka jalb qilganlik aybi bilan uy qamog‘ida bo‘lgan vaqtida ham zo‘rlagan”, — dedi jabrlanuvchi AQSh qonunchilariga. Rozaning so‘zlariga ko‘ra, u 2008-yilda Bryunel bilan uchrashganda 18 yoshda bo‘lgan va unga “xayolidagidan ham a’loroq modellik karerasi” va’da qilingan.

“Moliyaviy jihatdan beqaror oiladan chiqqanim sababli aldov va majburlash uchun qulay nishon edim”, — deya qo‘shimcha qildi u bergan ko‘rsatmasida. Ayolning aytishicha, 2009-yil may oyida u viza bilan Nyu Yorkka kelgan, iyul oyida esa Epshteyn uy qamog‘ida bo‘lgan paytda uning Uest-Palm-Bichdagi uyida u bilan uchrashgan.

Shundan so‘ng Epshteyn unga o‘zining Florida Science Foundation jamg‘armasidan ish taklif qilgan. Epshteyn 2008-yildagi birinchi sud hukmidan keyin aynan shu yerda ishlagan va o‘shanda unga haftada olti kun, kuniga 16 soatgacha hibsxonani tark etishga ruxsat beruvchi kelishuv amalda bo‘lgan.

“Kunlarning birida uning massajchisi meni Epshteynning xonasiga chaqirdi va u yerda Jeffri meni birinchi marta tahqirladi”, — dedi Roza eshituv davomida. “Keyingi 3 yil davomida men muntazam ravishda zo‘rlab kelindim”.

Rozaning ta’kidlashicha, Epshteyn hatto uy qamog‘ida bo‘lgan paytida sodir etgan zo‘ravonliklar “adolatga bo‘lgan ishonchni so‘ndirgan”, biroq u “oxir-oqibat yordam so‘rash uchun o‘zida kuch topa olgan”. Ayol, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan Epshteyn ishiga oid hujjatlarda uning ismi ochiqlanib ketgani unga yangi ruhiy jarohatlarni yetkazgani, vaholanki, “boy va qudratli shaxslarning ismlari hujjatlarni tahrirlash orqali yashirilganini” aytdi.

“Endi butun dunyodan muxbirlar men bilan bog‘lanishga harakat qilmoqda. Doimiy xavotir va qo‘rquv bilan yashayapman. Bu ‘xato’ hayotimga uzoq muddatda qanday ta’sir ko‘rsatishini tasavvur qilish og‘ir”, — dedi u. Adliya vazirligi avvalroq “jabrlanuvchilarni himoya qilish masalasiga juda jiddiy yondashishini” bildirgandi. Jabrlanuvchilar hujjatlardagi kamchiliklar tufayli ularning shaxsi fosh bo‘lganini aytgach, vazirlik Epshteynga oid bir qator fayllarni o‘z veb-saytidan olib tashlagan. Adliya vazirligi bu kamchiliklar “texnik yoki inson omili” sababli yuz berganini ma’lum qilgan.

Avvalroq ham Epshteyn fayllarida o‘zbekistonlik boshqa bir qiz nomi tilga olingandi. Yozishmalarga ko‘ra, qiz 2012-yilda moliyachiga elektron pochtadan yozib, o‘zi haqida ma’lumot bergan. So‘ngra Epshteyn qizning Parijdagi ta’lim xarajatlarini ko‘targani anglashiladi.

Source: www.gazeta.uz