Turkiyaning Mersin viloyatida 37 yoshli erkak tomonidan uyushtirilgan qurolli hujum oqibatida 6 kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana 8 kishi jarohat oldi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchi ov miltig‘idan foydalangan.
Fojia 18 may kuni Chamiyayla tumanida sodir bo‘ldi. 37 yoshli erkak bilan sobiq rafiqasi o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Mojaro davomida gumonlanuvchi ayolni ov miltig‘i bilan otib o‘ldirgan. Ayol olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Shundan so‘ng erkak qo‘shni Tarsus tumaniga yo‘l olgan. U yerda restoranga bostirib kirib, ichidagilarga qarata o‘t ochgan. Hujum natijasida restoran egasi va bir xodimi og‘ir yaralangan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, restorandan chiqqach, hujumchi ko‘chada odamlarga qarata o‘q uzishni davom ettirgan. Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uch kishi voqea joyida, yana uchtasi esa kasalxonada vafot etgan. Sakkiz kishi turli darajadagi jarohatlar olgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi muntazam ravishda giyohvand moddalar iste’mol qilgan va hujum paytida alkogol ta’sirida bo‘lgan. Huquq-tartibot organlari hodisa holatlarini o‘rganishni davom ettirmoqda.
Source: podrobno.uz