Ispaniyaning mashhur Mango kiyim-kechak brendi asoschisi Isak Andikning o‘g‘li Jonatan Andik otasining o‘limi bilan bog‘liq tergov doirasida hibsga olindi. 71 yoshli Isak Andik 2024-yil dekabr oyida Barselona yaqinidagi tog‘larda o‘g‘li bilan sayohat qilayotganda jarlikka qulab halok bo‘lgan edi.
Kataloniya politsiyasi (Mossos d'Esquadra) vakillari Jonatan Andikning hibsga olinganini tasdiqladi. U Mango kompaniyasida direktorlar kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. Barselona Oliy sudi vakilining ma’lumotiga ko‘ra, ish qotillik sifatida tergov qilinmoqda.
Dastlab politsiya voqeani baxtsiz hodisa deb hisoblab, 2025-yil boshida ishni yopgan edi. Biroq mart oyida tergov qayta ochildi. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, Jonatan Andik voqeaning yagona guvohi hisoblanadi.
Andik oilasi vakili Reuters agentligiga Jonatanning aybsizligiga ishonishlarini va u tergov bilan to‘liq hamkorlik qilayotganini bildirdi. CNN bu ma’lumotni mustaqil tasdiqlay olmadi.
Seshanba kuni Jonatan Andik Barselona yaqinidagi Martorel shahrida sudga chiqdi. Sudya 1 million yevro (taxminan 1,16 million dollar) miqdorida garov puli belgiladi, bu pul allaqachon to‘langan. Shuningdek, sud uning pasportini olib qo‘yishga va har hafta sudda ro‘yxatdan o‘tishga majbur qildi.
Turkiyada tug‘ilgan Isak Andik 1984-yilda Mango brendiga asos solgan va uni Ispaniyaning eng yirik moda korporatsiyalaridan biriga aylantirgan. O‘tgan yili Mango daromadi 3,8 milliard yevroni (4,4 milliard dollar) tashkil etib, ikki xonali o‘sishni ko‘rsatdi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Isak Andikning boyligi vafot vaqtida taxminan 4,5 milliard dollarni tashkil etgan.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Andik oilasi Mango biznesining 95 foizini nazorat qiladi: Jonatan Andik va uning ikki singlisi kompaniyaning asosiy ulushiga ega, qolgan 5 foiz esa 2025-yilda Isak Andik vafotidan keyin rais bo‘lgan bosh direktor Toni Ruizga tegishli.
Source: kun.uz