Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoy shimolidagi ko‘mir konida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida 90 nafar ishchi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Xitoy davlat ommaviy axborot vositalariga tayanib BBC News xabar berdi.

Hodisa Shansi provinsiyasidagi Tongzhou Group tomonidan boshqariladigan Liushenyu ko‘mir konida juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:29 da (Toshkent vaqti bilan 16:29) sodir bo‘lgan. Portlash vaqtida konda 247 nafar ishchi bo‘lgan.

Voqea joyiga yuzlab qutqaruvchilar yuborilgan. Xitoy Favqulodda vaziyatlarni boshqarish vazirligi qo‘shimcha oltita qutqaruv guruhidan 345 nafar xodimni safarbar etgan.

Xitoy raisi Si Szinpin jabrlanganlarni davolash va omon qolganlarni qidirishda barcha imkoniyatlarni ishga solishni buyurdi. Shuningdek, u falokat sabablarini tekshirish va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qildi.

Ko‘mir konini boshqarayotgan rasmiy shaxslar hibsga olingan. Portlashning aniq sababi hozircha ma’lum emas, biroq davlat OAV xabariga ko‘ra, konda o‘ta zaharli va hidsiz is gazi miqdori belgilangan me’yordan oshib ketgani aniqlangan.

2000-yillarning boshlarida Xitoy ko‘mir sanoatida o‘lim bilan tugaydigan baxtsiz hodisalar tez-tez uchrab turardi, biroq so‘nggi yillarda xavfsizlik standartlari kuchaytirilgan edi.

Source: www.gazeta.uz