Bangladeshda qizamiq epidemiyasi so'nggi o'n yilliklardagi eng halokatli to'lqin bo'lib, 500 dan ortiq bolaning hayotiga zomin bo'ldi.
Sog'liqni saqlash departamenti ma'lumotlariga ko'ra, 15 martdan boshlab qayd etilgan o'limlar soni 512 nafarga yetdi. Oxirgi 24 soat ichida yana 13 bola vafot etdi.
Poytaxt Dakka shahridagi shifoxonalar bemorlar bilan to'lib-toshgan bo'lib, maxsus bo'limlar tashkil etilgan, ammo reanimatsiya o'rinlari yetishmayapti.
Qizamiq yuqumli virusli kasallik bo'lib, asosan bolalarga ta'sir qiladi va pnevmoniya, miya yallig'lanishi kabi asoratlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, to'yib ovqatlanmagan yoki emlanmagan bolalar xavf ostida.
175 million aholiga ega Janubiy Osiyo davlati epidemiyaga qarshi ommaviy emlash kampaniyasini boshladi. UNICEFning Bangladeshdagi vakili Rana Flowers bu hafta kampaniya 18 million bolani qamrab olganini ma'lum qildi.
Biroq sog'liqni saqlash departamenti emlashning to'liq ta'siri bir necha oydan keyin sezilishini ta'kidladi.
UNICEF 2024 yilgi talabalar qo'zg'oloni davrida va undan keyin emlashda uzilishlar yuz berganini, bu esa ko'plab bolalarni himoyasiz qoldirganini aytdi.
Hukumat epidemiyani nazorat ostiga olingan deb e'lon qilgan bo'lsa-da, o'limlar soni o'sishda davom etmoqda. Aksariyat holatlar 6 oylikdan 5 yoshgacha bo'lgan bolalarda qayd etilgan.
Shifokorlarning aytishicha, shifoxonaga kelgan ko'plab bolalar allaqachon og'ir ahvolda bo'lgan. Dakkadagi Shaheed Suhrawardy tibbiyot kolleji shifokori Ainul Islom Xonning so'zlariga ko'ra, aksariyat bolalarda nafas olish qiyinlishuvi, ko'z, tomoq va o'pka infektsiyalari kuzatilgan.
UNICEF kelajakda emlash dasturlarini kuchaytirish va sog'liqni saqlash muassasalarini moliyalashtirishni oshirish zarurligini ta'kidladi. Global Antibiotiklarga Chidamlilik Hamkorligi hisobotida emlashdagi bo'shliqlar Bangladeshda antimikrobiyal qarshilikni kuchaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Source: www.aljazeera.com