Uganda hukumati Ebola virusi tarqalishi sababli Kongo Demokratik Respublikasi bilan chegarani "zudlik bilan" yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu qaror virus bilan kasallangan kongolik bemorlarni davolagan ugandalik tibbiyot xodimlari orasida kasallik ko‘payganidan so‘ng qabul qilindi.
Chegarani yopish to‘g‘risidagi qaror Uganda vitse-prezidenti Jeska Alupo boshchiligidagi Ebolaga qarshi maxsus guruh tomonidan qabul qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi doimiy kotibi doktor Diana Atvining so‘zlariga ko‘ra, Kongo bilan chegaradan o‘tish faqat favqulodda holatlarda, jumladan, epidemiyaga qarshi kurash, yuk tashish yoki xavfsizlik maqsadlarida ruxsat etiladi.
Favqulodda vaziyatlarda Ugandaga kirgan har bir kishi majburiy 21 kunlik karantinga olinadi. Eslatib o‘tamiz, Kongoda bu Ebolaning 17-chi marta qayd etilgan epidemiyasi bo‘lib, virusning Bundibugyo shtammi sabab bo‘lgan. Hozircha ushbu shtammga qarshi vaktsina yoki davolash usuli mavjud emas.
Uganda va KDR o‘rtasidagi chegara bir necha yuz kilometrni tashkil etadi va rasmiy o‘tish punktlaridan tashqari ko‘plab piyoda yo‘llari mavjud. Har kuni odamlar qarindoshlarini ko‘rish yoki savdo qilish uchun chegarani kesib o‘tishadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qo‘shni davlatlar yuqori xavf ostida ekanligini tan olgan bo‘lsa-da, chegaralarni yopishni tavsiya etmagan.
JSST may oyi o‘rtalarida Ebolani xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb e’lon qilganida, "hech bir davlat o‘z chegaralarini yopmasligi yoki sayohat va savdoga cheklovlar qo‘ymasligi kerak" deb ta’kidlagan edi. Tashkilotning fikricha, chegaralarni yopish odamlarni nazorat qilinmaydigan norasmiy o‘tish joylaridan foydalanishga majbur qiladi va bu kasallikning tarqalish xavfini oshiradi.
Sharqiy Kongodagi notinch mintaqada Ebola bilan kasallanish soni 1000 ga yaqinlashmoqda, kamida 220 kishi virus tufayli vafot etgan. JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus mintaqadagi qurolli to‘qnashuvlar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi janglar epidemiyaga qarshi kurashga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlab, sulh o‘rnatishga chaqirdi.
Source: www.dw.com