Singapurda 19 yoshli fransuz talabasi Didye Gaspard Ouen Maksimilyen sharbat sotadigan avtomatdagi somonni yalab, qayta joyiga qo‘ygani va buni videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylagani uchun sud oldiga chiqdi.
Mart oyida Maksimilyen iJooz apelsin sharbati avtomatidan somonni olib, uni yalagan va yana joyiga qo‘ygan. Ushbu video Instagramda tarqalib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, talaba videoni “jamoatchilikni bezovta qilish” maqsadida joylagan va bu bilan iJooz kompaniyasiga zarar yetkazgan. Kompaniya avtomatdagi barcha 500 somonni almashtirishga majbur bo‘lgan.
Maksimilyen jamoat tartibini buzish va zarar yetkazishda ayblanmoqda. Agar aybi isbotlansa, u jamoat tartibini buzish uchun 3 oygacha, zarar yetkazish uchun esa 2 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Talaba garov evaziga ozodlikda, sud jarayoni esa 13 iyulga belgilangan. Uning advokati aybni tan olishini ma’lum qilgan.
Source: www.dw.com