AQSh boshpana izlovchilarni qabul qilishni Oliy sud qarorlari asosida amalda butunlay to‘xtatmoqda, deb bayonot berdi Oq uy apparati rahbari o‘rinbosari Stiven Miller.
“Amerika eshiklari boshpana so‘rovchilar uchun butunlay yopiq”, — dedi u jurnalistlarga. Millerning so‘zlariga ko‘ra, AQSh rasmiylari boshpana izlovchilarga nisbatan “oddiy va oqilona yechim” ishlab chiqqan. “Agar siz boshpana so‘rab murojaat qilsangiz, biz sizga dunyodagi sizni qabul qiladigan boshqa biror mamlakatni topib beramiz”, — deya tushuntirdi u.
Miller AQSh Oliy sudining immigratsiya masalalari bo‘yicha chiqargan ikkita qaroriga shunday izoh berdi. Sud ushbu qarorlarni bir kun avval mamlakat prezidenti Donald Tramp administratsiyasi foydasiga qabul qilgan edi.
Oq uy apparati rahbari o‘rinbosari AQShning Meksika bilan chegarasida nazoratni kuchaytirishni yana bir bor yoqlab chiqdi va “janubi-g‘arbiy chegaradagi barcha boshpana so‘rovlari doim soxta bo‘lib chiqishi”ni ta’kidladi, deya iqtibos keltirmoqda US Today.
The Washington Post nashrining qayd etishicha, ushbu qarorlar Tramp jamoasiga urushlar va tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan mamlakatlardan AQShga kelgan immigrantlarga boshpana berish va ularni mamlakatdan chiqarib yuborish tizimini o‘zgartirish imkonini beradi.
Birinchi qaror Tramp administratsiyasiga Gaiti (350 ming kishi) va Suriyadan (6 mingdan ortiq kishi) kelgan qochqinlar uchun gumanitar himoyani bekor qilish imkonini beradi. Ularning ko‘pchiligi AQShda yillar davomida yashab, mehnat qilib kelmoqda. Ushbu hukm, shuningdek, vaqtinchalik himoya maqomidan (TPS) foydalanayotgan barcha 1,3 million kishini deportatsiya qilinish xavfi ostida qoldirishi mumkin.
Ularning aksariyati allaqachon deportatsiyadan himoyalanish huquqidan mahrum bo‘lgan, biroq ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilgandi. Endilikda Oliy sudning mazkur qarori ushbu sud ishlarining yakuniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozadi The Washington Post.
Ikkinchi qaror esa rasmiylar AQShning Meksika bilan chegarasida ilgari qo‘llangan immigratsiya siyosatini qayta tiklashi mumkinligini anglatadi. Ushbu mexanizm chegarachilarga bir kun davomida boshpana so‘rab ariza topshirishi mumkin bo‘lgan shaxslar sonini cheklash imkonini taqdim qiladi.
Source: www.gazeta.uz