Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning goli 2026-yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi goli uchun ovoz berishda ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) xabar berdi.
Kabo Verde milliy jamoasi futbolchisi Sidny Lopes Kabralning Argentinaga urgan goli esa Jahon chempionati 1/16 finalida “Musobaqaning eng chiroyli goli” deb topildi.
Lopezning bu goli mundial kashfiyotiga aylangan Kabo Verdening Argentinaga qarshi o‘yinida qo‘shimcha taymlarda hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirgandi. Futbolchi raqib yarim himoyachisi Aleksis Makallisterni aldab o‘tib, jarima maydonchasi chap qirrasidan Emiliano Martines qo‘riqlayotgan darvozaning uzoq yuqori burchagiga aylantirib zarba bergandi.
“Raqibimni aldab o‘tgan lahzamda ochiq hududni ko‘rdim va ‘tepib ko‘ray-chi’ deb o‘yladim. Ikkala oyog‘imda ham yaxshi zarba bera olaman. Hududni ko‘rdim va yuqori burchakni mo‘ljalga oldim, to‘pga juda yaxshi zarba berdim”, — deydi Kabral.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2026-yilgi jahon chempionati guruh bosqichining eng yaxshi goli uchun FIFA ovoz berishida g‘olib chiqqandi. Uning Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘yinda o‘tkir burchakdan aniq parashyut zarbasi 36% ovoz oldi.
Source: www.gazeta.uz