Britaniyaning trip-hop guruhi Massive Attack Singapurda konsertdan so‘ng politsiya tomonidan ushlab turilganini ma’lum qildi. Konsert chog‘ida sahnada Falastin bayrog‘i ko‘tarilgan edi.
Guruhning Instagram’dagi bayonotiga ko‘ra, 29-iyul kuni Star Theatre’dagi chiqish oldidan va oxirida tomoshabinlarning katta qismi “Falastin ozod bo‘lsin” deb hayqirgan.
“Biz 157 davlat tomonidan tan olingan suveren davlat bayrog‘ini ko‘tarish qandaydir qonunni buzishini tasavvur ham qilmagan edik”, deyiladi bayonotda. Guruh, shuningdek, muxlislari bilan birgalikda “Falastin xalqiga birdamlik ko‘rsatishni axloqiy majburiyat deb bilgan holda” qilgan bu harakatidan faxrlanishini bildirgan.
Chiqishdan so‘ng, guruh a’zolari politsiya tomonidan ushlanib, alohida so‘roq qilingan, ba’zilarining mehmonxona xonalari tintuv qilingan va pasportlari vaqtincha musodara qilingan.
Singapur politsiyasi guruhning harakati “mamlakatdagi irqiy va diniy totuvlikka zarar yetkazishi mumkin” deb hisoblagan. Singapurda xorijiy bayroqlar, milliy timsollar va bannerlarni ruxsatsiz jamoat joylarida ko‘rsatish taqiqlangan.
Rasmiylar ikki guruh a’zosiga qattiq ogohlantirish berib, ularning Singapurga qayta kirishini taqiqlagan. Massive Attack, Robert Del Naja va Grant Marshalldan iborat bo‘lib, ular jonli orkestr va mehmon vokalchilar, jumladan Cocteau Twins’dan Elizabeth Fraser bilan chiqish qilgan.
Guruh Singapurdagi politsiya bilan bo‘lgan voqeani “surreal tajriba” va “umuminsoniy huquqlar va so‘z erkinligini himoya qilish muhimligini eslatuvchi” deb atagan.
Aprel oyida guruh rahbari Del Naja London politsiyasi tomonidan Falastin Action’ga qarshi norozilik namoyishida hibsga olingan 500 kishidan biri edi. U taqiqlangan tashkilotni qo‘llab-quvvatlaganlikda gumon qilingan.
Shuningdek, aprel oyida Singapur sudi uch ayolni ikki yil avval Falastinni qo‘llab-quvvatlash yurishini uyushtirgani uchun jarimaga tortgan edi. O‘shanda ular o‘sha paytdagi Bosh vazir Li Szyan Lun’ga Isroil bilan aloqalarni uzishni so‘rab maktublar topshirishgan.
Singapur, asosan etnik xitoylar yashaydigan, ammo sezilarli malay-musulmon ozchilikka ega davlat, 2023-yilda Isroilning G‘azoda falastinliklarga qarshi genotsid urushi boshlanganidan keyin aralashmaslik pozitsiyasini egallagan. Bu uning “hamma bilan do‘st, hech kimga dushman emas” tamoyiliga asoslangan uzoq yillik tashqi siyosatini aks ettiradi.
Source: www.aljazeera.com