Isroil rejimida o‘tkazilgan navbatdagi parlament saylovlarida byulletenlarning qariyb 90 foizi hisoblab chiqilgan bo‘lsa-da, hech bir siyosiy kuch ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmadi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi o‘ng qanot bloki 120 o‘rinli Knessetda bor-yo‘g‘i 53 ta mandatga ega bo‘lishi kutilmoqda. Hukumat tuzish uchun esa kamida 61 ta deputatlik o‘rni talab etiladi, bu esa Tel-Avivdagi siyosiy inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.
Muxolifat yetakchisi Gadi Eizenkot yetakchiligidagi koalitsiya taxminan 48 ta o‘rinni egallashi taxmin qilinayotgan bir paytda, arab partiyalari — «Birlashgan ro‘yxat» va «Raam» ittifoqlari kutilmaganda rekord darajadagi 19 ta o‘rinni band etishi mumkin. Saylov natijalarini harbiy xizmatchilar va diplomatlarning 500 mingdan ortiq maxsus konvertlardagi ovozlari qisman o‘zgartirishi ehtimoldan xoli emas, biroq kuzatuvchilar bu hisob-kitoblar ham Isroil rejimidagi uzoq davom etayotgan boshqaruv tangligini bartaraf eta olmasligini ta’kidlamoqda.
2023-yil 7-oktabr voqealari va G‘azo sektoridagi qonli harbiy harakatlardan so‘ng birinchi marta o‘tkazilgan ushbu saylovlar Netanyaxuning faoliyatiga nisbatan xalqning ishonchsizlik referendumi sifatida baholandi. Eizenkot o‘z bayonotida aholining katta qismi 7-oktabr voqealariga sababchi bo‘lgan amaldagi tuzilmadan norozi ekanini da’vo qilib, yangi hukumat tuzishga chaqirdi. Ammo muxolifat ham, Netanyaxu ham arab partiyalari ishtirokida rasmiy hukumat tuzishdan bosh tortayotgani sababli, barqaror boshqaruv shakllanishi dargumon bo‘lib qolmoqda.
Mag‘lubiyat va qiyinchiliklarga duch kelgan Netanyaxuning «Likud» partiyasi esa o‘z mag‘lubiyatini yashirishga urinib, arab fraksiyalarini saylovlarni «o‘g‘irlaganlikda», poraxo‘rlik, zo‘ravonlik va qalbaki ovozlar to‘plashda ayblab chiqdi. Partiya ushbu vajlarni politsiya va xavfsizlik xizmatlariga topshirganini e’lon qildi. O‘z navbatida, arab ittifoqi vakillari Netanyaxu boshchiligidagi rejimning urush jinoyatlari va uylarni buzish siyosatiga saylovchilar munosib javob berganini ta’kidlab, uning hokimiyatga qaytishiga yo‘l qo‘ymasliklarini bildirdi.
Source: www.aljazeera.com