Uganda poytaxti Kampalada 27 yoshli taniqli futbolchi Devid Ovori uyi oldida hujumga uchrab vafot etdi. Politsiya ma'lumotlariga ko'ra, u telefonini o'g'irlamoqchi bo'lgan shaxslarga qarshilik ko'rsatgan va shu sababli kaltaklangan.
Ovori Uganda Premer-ligasi rekordchisi SC Villa klubi sardori bo'lib, o'ng qanot himoyachisi va yarim himoyachi sifatida o'ynagan. U shuningdek, Uganda terma jamoasi — Cranes safida ham maydonga tushgan.
SC Villa klubi bayonotida: "Biz shunchaki futbolchini emas, yetakchi, birodar va do'stni yo'qotdik", deyilgan. Guvohlarning aytishicha, hujumchilar seshanba kuni kechqurun futbolchini toshlar bilan urib, yiqitgan va uning narsalarini olib qochgan.
Klub matbuot kotibi Asan Kasingye jurnalistlarga ma'lum qilishicha, Ovori Makindye chekkasidagi uyi oldida pistirmaga uchragan. "Futbolchi uyiga yaqinlashayotganda bezorilar tomonidan hujumga uchradi va og'ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi", degan u.
Ovori avval yaqin atrofdagi klinikaga, so'ngra shahardagi xususiy shifoxonaga olib borilgan, ammo chorshanba kuni jarohatlardan vafot etgan. Politsiya vakili Rachael Kavala tergov davom etayotganini va voqea joyidan barcha dalillar yig'ilganini aytgan.
Futbolchining o'limi butun Ugandada shok holatini yuzaga keltirdi. Muxlislar, jamoadoshlari va siyosatchilar adolat talab qilmoqda. Uganda Futbol Federatsiyasi (Fufa) Ovori haqida "maydonda ham, undan tashqarida ham haqiqiy yetakchi" deb ta'rif berdi.
Parlament chorshanba kuni Ovori xotirasiga bir daqiqalik sukut e'lon qildi va tezkor tergov o'tkazishni talab qildi. Futbolchi 2023-yilda Yevropadagi ikki yillik faoliyatidan so'ng SC Villaga qaytgan va 2024-yilda klubni 20 yil ichida ilk bor chempionlikka olib chiqqan edi.
Uning o'limi ijtimoiy tarmoqlarda katta norozilik uyg'otdi. Ko'plab ugandaliklar Kampaladagi zo'ravonlik darajasini tanqid qilib, jinoyatchilarga qarshi qattiqroq choralar ko'rishni talab qilmoqda. Bu voqea Kampalada yaqinda halok bo'lgan regbi yulduzi Sidney Gongodyo fojiasidan keyin sodir bo'ldi.
Source: www.bbc.co.uk