Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidenti Donald Trampning ma'lum qilishicha, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt oy oxirida o'z lavozimini tark etadi. Bu prezidentni noyabr oyida bo'lib o'tadigan oraliq saylovlar arafasida eng ishonchli maslahatchilaridan biridan mahrum qiladi, deb yozmoqda Reuters.

Livitt va Trampning bayonotlariga ko'ra, u Trampning “Amerikani yana buyuk qilish” (MAGA) harakatining kelgusi qiyofasini shakllantiruvchi tashqi aloqalar bo'yicha maslahatchi hamda partiya arbobi sifatida faoliyat yuritadi.

28 yoshli Livitt ijtimoiy tarmoqdagi postida yosh farzandlari bilan ko'proq vaqt o'tkazishni maqsad qilganini aytdi. U may oyida o'zining ikkinchi farzandi bo'lmish qizini dunyoga keltirgan va yaqinda tug'uruq ta'tilidan qaytgandi.

“Kerolayn Oq uyda haqiqiy yetakchi bo'ldi va 2018-yildan buyon, jumladan, 2024-yilgi tarixiy qayta saylanish kampaniyamizda Adolat, Erkinlik va Ozodlik uchun kurashda ulkan ishlarni amalga oshirdi”, — dedi Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida Livittni “mazkur idora tarixidagi eng yaxshi Oq uy matbuot kotiblaridan biri” deb ta'riflab.

Livitt Oq uydagi faoliyatini “butun umrlik sharaf va sarguzasht” deb atadi.

“Ona bo'lish va dunyodagi eng mas'uliyatli ishlardan birida ishlash bilan bir qatorda yangi farzandni dunyoga keltirish, mubolag'asiz, hayotimning eng quvonchli, ammo ayni paytda eng murakkab davri bo'ldi. Haqiqat shundaki, qizim tug'ilganidan so'ng Oq uyga qaytgach, Oq uy matbuot kotibi vazifasi talab qiladigan doimiy vaqt, kuch va e'tiborni sarflagan holda ikki yosh farzandimga ular munosib bo'lgan eng yaxshi ona bo'la olmasligimni qalban his qildim. Shu sababli Oq uyni tark etish va hayotimda yangi sahifa ochishdek og'ir to'xtamga keldim”, — deya o'z qarorini izohladi Livitt.

Livitt Trampning 2024-yilgi saylovoldi kampaniyasiga qo'shilgandi va Tramp uni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlashidan oldin o'tish davri vakili bo'lib ishlagandi. U ushbu lavozimga tayinlangan eng yosh Oq uy matbuot kotibi bo'lgan.

O'z lavozimidagi bir yarim yil ichida Livitt va Oq uyning aloqalar bo'yicha direktori Stiven Chung ma'muriyatning OAVga nisbatan pozitsiyasini o'zgartirdi. Trampning ba'zi ittifoqchilari buni xushnudlik bilan qabul qilgan bo'lsa, erkin matbuot himoyachilari tanqid qilgan.

Tramp ma'muriyati mustaqil Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasi tomonidan o'rnatilgan ko'p yillik tizimdan voz kechib, qaysi jurnalistlar prezident huzuriga kirish imkoniga ega bo'lishini shaxsan tanlab olishni boshlagan.

An'anaga ko'ra, “matbuot puli” OAVning prezident huzuriga bir xilda kirishini ta'minlash hamda uning faoliyatini jamoatchilikka va kichik uchrashuvlarda qatnasha olmaydigan boshqa jurnalistlarga yetkazish maqsadida sohaviy guruh tomonidan navbatma-navbat tanlanadigan tizim edi.

Ushbu jarayonning bir qismi sifatida Tramp ma'muriyatining matbuot xizmati brifinglar zalida maxsus “yangi media” o'rnini yaratdi, bu esa podkastlar, axborot byulletenlari va yangi paydo bo'layotgan raqamli OAVlarga prezident faoliyatini yoritishda muhimroq rol o'ynash imkonini berdi.

Ba'zi matbuot himoyachilari bu qadamni o'zgarayotgan media muhitini e'tirof etish sifatida olqishladi. Boshqalar esa buni ma'muriyat o'ziga maqbul tarzda axborot tarqatadigan nashrlarni rag'batlantirish uchun foydalanishi mumkin bo'lgan dastak sifatida tanqid qildi.

Source: www.gazeta.uz