Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ekvador politsiyasi Kolumbiya bilan chegaradan unchalik uzoq bo‘lmagan hududda yuk mashinasining yashirin joyidan 469 kilogramm kokainni topib olib, musodara qildi. Giyohvand modda 370 ta briketga qadoqlangan bo‘lib, har birida norvegiyalik futbolchi Erling Xolandning surati tushirilgan edi.

Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari anonim xabar asosida shubhali yuk mashinasini Panamerika shossesida to‘xtatgan. Tekshiruv chog‘ida avtomobilning tag qismida maxsus jihozlangan yashirin joy aniqlanib, undan narkotik solingan briketlar chiqarib olingan.

Narkotraffiklar ko‘pincha o‘z partiyalarini mashhur sportchilar va boshqa taniqli shaxslarning ismlari yoki suratlari bilan belgilaydilar. Bunday belgilar kriminal guruh yoki yukning aniq qabul qiluvchisini identifikatsiya qilish uchun ishlatilishi mumkin.

Musodara qilingan partiyaning qiymati Ekvador ichki bozorida taxminan 842 ming dollarga baholanmoqda. AQShda bu qiymat 11 million dollardan oshishi, Yevropada esa 19,6 million dollarga yetishi mumkin.

Ekvador narkotik savdosining asosiy logistika markazlaridan biri hisoblanadi: giyohvand moddalar Markaziy Amerika orqali asosan AQShga, shuningdek Yevropaga jo‘natiladi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga kirib kelayotgan kokainning qariyb 80 foizi Kolumbiyada, qolgan qismi Peruda ishlab chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ikki o‘zbekistonlik Tailanddan vino shishalarida deyarli yetti kilogramm mefedron olib kirishga urinayotganda qo‘lga olingan edi. Keyinchalik ulardan gashish moyi va erituvchilar topilgan, partiyaning taxminiy qabul qiluvchisi esa 635 gramm “Alfa-PVP” bilan ushlangan edi.

Source: podrobno.uz