Belgiyada o‘rmon yong‘inlari tarixdagi eng katta ko‘lamga yetdi. Germaniya chegarasi yaqinidagi High Fens qo‘riqxonasida boshlangan yong‘in yakshanba kuni ham davom etmoqda.
Yong‘in juma kuni Belgiyaning Liège provinsiyasida boshlanib, sharqqa, Germaniya tomon tarqaldi. Hozirga qadar 27 kvadrat kilometrdan ortiq maydon yonib ketgan.
Yevropa o‘rmon yong‘inlari axborot tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgi eng katta yong‘in 2011 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘sha paytda ham shu qo‘riqxonaning 14 kvadrat kilometri yonib ketgan edi.
Yong‘inni o‘chirishga Belgiya, Germaniya, Lyuksemburg va Niderlandiyadan 250 dan ortiq qutqaruvchilar jalb etilgan. Wallonia provinsiyasi hukumati matbuot kotibi Stefani Ernouxning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, asosiy e’tibor yong‘inning oldinga siljishini to‘xtatishga qaratilgan.
Shanba kuni shamol yo‘nalishi o‘zgarib, tutun tarqalishi sababli Waimes va Butgenbach chegaradosh munitsipalitetlaridan 600 ga yaqin aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Yakshanba kuni ertalab hech bir uyga zarar yetmagan, biroq rasmiylar aholini yong‘in zonasidan uzoqda bo‘lishga chaqirmoqda.
Germaniyaning Monschau shahri ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in chegaraga 3 kilometr yaqinlashgan, biroq alanga chegaradan o‘tishi kutilmayapti. Shunga qaramay, uchta tumanga tutun tufayli vaqtincha evakuatsiya qilish tavsiya etilgan.
Yong‘in Belgiyada yana bir jazirama issiqdan so‘ng yuz berdi. Juma kuni ba’zi joylarda havo harorati 37 darajaga yetdi, bundan oldin esa haftalar davomida yomg‘ir yog‘magan edi.
Yevropaning boshqa qismlari kabi Belgiya ham takroriy jazirama to‘lqinlari ostida. Payshanba kuni bir qancha Yevropa davlatlarida havo harorati 35 darajadan oshdi, Buyuk Britaniyada esa yilning eng issiq kuni qayd etildi – G‘arbiy Londonda termometr 38,1 darajani ko‘rsatdi.
Issiqlikdan so‘ng yong‘inlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. So‘nggi kunlarda Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xorvatiya va Gretsiyada minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Bu yil Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taxminan 500 ming gektar maydon yonib ketgan.
Source: www.aljazeera.com