AQShning Kaliforniya shtatida Meta kompaniyasiga qarshi yirik sud jarayoni boshlanmoqda. Facebook va Instagram egalari 29 shtat tomonidan yoshlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazuvchi platformalar yaratishda ayblanmoqda. Agar da'vo qanoatlantirilsa, kompaniya 1,4 trillion dollar tovon to'lashi mumkin.
Sudda Kaliforniya, Kentukki, Kolorado va Nyu-Jersi shtatlari birinchi bo'lib o'z dalillarini taqdim etadi. Bosh prokurorlarning ta'kidlashicha, Meta platformalari o'smirlarda qaramlikni keltirib chiqaradigan tarzda ishlab chiqilgan, foydalanuvchilarning yoshini tekshirmaydi va ota-ona nazoratini chetlab o'tishga undaydi.
Da'vogarlar suddan Meta platformalarida o'zgarishlar kiritishni talab qilmoqda: ota-ona tomonidan yoshni tasdiqlash, algoritmlarni o'zgartirish, filtrlar va "yo'qolib ketuvchi" xabarlarni olib tashlash. Meta esa barcha ayblovlarni rad etadi.
Sud jarayoni taxminan yetti hafta davom etadi. Meta bosh direktori Mark Sukerberg va Instagram rahbari guvoh sifatida so'roq qilinishi kutilmoqda. Bu yilning ikkinchi marta Sukerberg sudga kelishi bo'ladi - fevral oyida u Los-Anjelesda shunga o'xshash ishda ishtirok etgan edi.
London Iqtisodiyot maktabi professori Sonya Livingstonning fikricha, Meta biznes modelini butunlay o'zgartirmaydi, lekin muammoni kamaytirish uchun ba'zi qadamlar qo'yadi. 5Rights Foundation tashkiloti esa bunday sudlar texnologik kompaniyalar amaliyotini o'zgartirishi mumkinligini, ammo qat'iy qoidalar va katta jarimalar zarurligini ta'kidlaydi.
Bu Meta'ga qarshi AQShdagi yagona ish emas. Nyu-Meksiko shtati sudi avvalroq kompaniyani 567 million dollar to'lashga majbur qilgan edi. Yana 14 shtat 2027-yil fevralida alohida sud jarayonini boshlaydi.
Yevropa Ittifoqi ham Metani bolalar xavfsizligi va raqamli xizmatlar to'g'risidagi qonunlarni buzishda ayblamoqda. Yevropa Komissiyasi o'tgan oy kompaniyani Facebook va Instagram'ni "qaramlik keltiruvchi" tarzda loyihalashtirgani uchun ogohlantirgan.
Buyuk Britaniya, Avstraliya, Braziliya va Keniyada ham shunga o'xshash choralar ko'rilmoqda. Buyuk Britaniya 16 yoshgacha bo'lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda, Avstraliya esa allaqachon bunday taqiqni joriy qilgan, biroq u samarasiz bo'lib chiqdi.
Ekspertlarning fikricha, sud qarorlari ijtimoiy tarmoqlarni butunlay yo'q qilmaydi, balki ularni yanada xavfsizroq qilishga majbur qiladi. Bu esa platformalarning ko'rinishini sezilarli darajada o'zgartirishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com