Tunis politsiyasi prezident Kays Sayid hukumatini keskin tanqid qiluvchi taniqli jurnalist Muhammad Yusfini hibsga oldi. Bu haqda Tunis jurnalistlar milliy sindikati rahbari Reuters agentligiga ma'lum qildi.
Mahalliy jurnalistlarning xabar berishicha, politsiya tergov-tahlil sayti Al-Qatiba bosh muharriri Yusfini juma kuni so'roq uchun olib kelgan. Tergovning asosiy yo'nalishi hozircha noma'lum.
Tunis rasmiylari bu hibsga olinish yuzasidan hozircha izoh bermagan. Bu yil mamlakatda ommaviy axborot vositalari xodimlari va faollarga qarshi boshlangan bir qator jinoiy ishlarning eng so'nggisi hisoblanadi.
O'tgan yili Fransiyaga qochib ketgan TUMEDIA axborot sayti asoschisi Xavla Bukrim iyun oyida sirtdan to'rt yilga qamalgan. Taniqli jurnalist Ziyad al-Hani may oyida bir yilga, teleboshlovchi Murod Zegidi va siyosiy sharhlovchi Borhen Bsayis yanvar oyida uch yarim yilga qamalgan edi.
Huquq himoyachilari Sayid hukmronligi davrida Tunisda mustaqil ovozlarga qarshi qatag'on kuchayganidan ogohlantirmoqda. Uning boshqaruvi demokratik kafolatlarni yo'q qilib, hukumatga jurnalistlar va tanqidchilarni yanada tajovuzkor ta'qib qilish imkonini berdi.
Payshanba kuni Tunis Kassatsion sudi prezident Sayidni ag'darishga fitna uyushtirishda ayblangan 40 kishiga, jumladan muxolifat yetakchilari, advokatlar va huquq himoyachilariga qarshi ommaviy sud jarayonini tasdiqladi.
“Bu qaror sud hokimiyatining mustaqil emasligini tasdiqlaydi”, dedi advokat Xayfa Shebbi. Uning otasi, muxolifat yetakchisi Najib Shebbi 12 yilga qamalganlar orasida edi.
Tunis adliya vaziri Leyla Jaffel ayblanuvchilar mamlakatni beqarorlashtirishga uringanini aytdi.
Source: www.aljazeera.com