Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidenti Donald Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasi Kongressning har ikkala palatasida ham g‘alaba qozonsa, har bir katta yoshli amerikalikka 5000 dollardan to‘lab berishni taklif qilishini bildirdi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda. Tramp bu to‘lovlarni “dividendlar” deb atadi.

“Agar respublikachilar g‘alaba qozonsa, siz biz bilan birga g‘alaba qozonasiz va besh ming dollar olasiz”, — dedi Tramp Dallasda bo‘lib o‘tgan Respublikachilar partiyasi qurultoyining ochilish marosimida nutq so‘zlab. U bu reja qanday ishlashi yoki qanday moliyalashtirilishi haqida batafsil ma’lumot bermadi — faqatgina pullar AQSh ichida sarflanishi kerakligini ta’kidladi, xolos. “Sizlar bu pulni sarflash uchun Kanadaga borishingizni istamaymiz, — dedi u. — Xitoyga, Germaniyaga borishingizni ham xohlamaymiz. Bu pulni Amerika Qo‘shma Shtatlari hududida ishlatishingiz shart”.

Vitse-prezident Jey Di Vens bu rejani Trampning bojxona tariflari orqali AQSh hukumatiga jalb qilgan daromadlari bilan bog‘ladi. Ushbu reja bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Demokratlar uni “quruq va’da” deb atadi, boshqalar esa bunday va’daning qonuniyligini shubha ostiga oldi. Saylov yilida ovoz berishga chorlov kontekstida AQSh prezidentining amerikaliklarga bunday to‘lov taklif qilishi, ehtimol, tarixda birinchi bor kuzatilmoqda, deb yozadi BBC.

AQShda qariyb 270 million nafar katta yoshli aholi istiqomat qiladi, bu esa har biriga 5000 dollardan to‘lash AQSh hukumatiga taxminan 1,3 trillion dollarga tushishini anglatadi. Bunday to‘lovlar federal budjetning deyarli 1,8 trillion dollarlik yillik taqchilligini yanada oshirishi mumkin, deb ta’kidlaydi Associated Press. BBC ning qayd etishicha, Trampning bunday to‘lovlarni va’da qilishi birinchi marta emas — u avval ham bojxona tushumlari hisobidan 2000 dollarlik cheklar berishni taklif qilgandi.

Source: www.gazeta.uz