Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh va Isroil shanba kuni Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deb yozdi The New York Times.

Donald Tramp AQSh Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan sakkiz daqiqalik videoda ma’lum qildi.

AQSh prezidenti Eronga qarshi operatsiya mamlakatning yadroviy va raketa dasturlariga qaratilganini aytdi. Trampning ta’kidlashicha, Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmaydi.

“Maqsadimiz — Eron rejimi, ya’ni o‘ta shafqatsiz va dahshatli kimsalar guruhi tomonidan yuzaga kelayotgan bevosita tahdidlarni bartaraf etish orqali Amerika xalqini himoya qilishdir. Rejimning faoliyati Qo‘shma Shtatlarga, qo‘shinlarimizga, xorijdagi bazalarimizga va butun dunyodagi ittifoqdoshlarimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf solmoqda”, — dedi Tramp.

Donald Tramp Eron xavfsizlik kuchlari va oddiy fuqarolariga ham murojaat qildi.

“Men Eron politsiyasi va xavfsizlik kuchlariga murojaat qilaman — zudlik bilan qurolingizni tashlang, aks holda muqarrar o‘limga yuz tutasiz. Eron xalqi uchun ozodlik soati yaqinlashmoqda. O‘z uylaringizda qoling va tashqariga chiqmang, ko‘cha xavfli. Biz ishni tugatganimizdan keyin siz o‘z hukumatingizni boshqarasiz. Bu rejimni ag‘darish uchun yagona imkoningiz bo‘ladi”, — dedi AQSh prezidenti.

O‘z navbatida Eron javob choralariga tayyorlanmoqda. Javob halokatli bo‘ladi, deya ma’lum qilgan Reuters’ga Eron rasmiysi.

Ushbu hujumlar AQSh prezidenti Donald Trampning bir necha oylik tahdidlari hamda 2003-yilda Iroqqa bostirib kirishdan buyon Amerika kuchlarining mintaqaga eng yirik miqyosda to‘planishi ortidan amalga oshirildi.

Source: www.gazeta.uz