Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Sentabr oyining birinchi haftasida OpenAI kompaniyasi o‘zining sun’iy intellekt agentlari yordamida “ming yillik masalalar” deb ataladigan yettita matematik muammodan biri — Nave-Stoks tenglamalari bo‘yicha masalani yechganini e’lon qildi. Ushbu e’lon matematika olamida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, biroq bir vaqtning o‘zida jiddiy axloqiy bahs-munozaralarni ham keltirib chiqardi.

Ma’lum bo‘lishicha, e’londan bir necha soat oldin xuddi shu yo‘nalishda ishlayotgan ikki matematik olimdan biri — Tristan Bakmaster kompaniyani ularning natijalaridan foydalanganlikda va unga bosim o‘tkazganlikda ayblab, ijtimoiy tarmoqda bayonot bilan chiqqan edi. Har ikki tomon hodisani o‘z versiyasida bayon qilmoqda. Shu tariqa bu hodisa matematika olamida qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqarib, axloqiy bahsga aylandi.

Nave-Stoks tenglamalari — suyuqlik va gazlarning oqimini ifodalovchi asosiy matematik modellar. Nyuton qonunlari mexanika uchun qanchalik muhim bo‘lsa, Nave-Stoks tenglamalari gidrodinamika uchun shunchalik ahamiyatli. Ular suyuqlik va gazlarning quvurlardagi harakati, samolyot va avtomobillar atrofida havo yoki suv qanday harakatlanishi, nasos ichida suvning oqimi va bosimning qanday taqsimlanishi kabi jarayonlarni matematik jihatdan tasvirlash imkonini beradi. Muammo shundaki, bu tenglamalar uchun uch o‘lchovli fazoda umumiy va silliq yechim mavjudligi yoki mavjud emasligi matematik nuqtai nazardan 90 yildan beri ochiq masala hisoblanadi.

OpenAI versiyasiga ko‘ra, 1-sentabrda kompaniyaga yettita “ming yillik masala”dan ikkitasining yechimi topilgan bo‘lishi mumkinligi haqida mish-mishlar yetib kelgan. Shundan so‘ng kompaniya yangi ishlab chiqilgan, ommaviy foydalanish uchun hali taqdim etilmagan ichki modelni ro‘yxatdagi barcha yechilmagan matematik muammolarda sinab ko‘rishga qaror qilgan. Kompaniya SI agentlaridan iborat bir nechta turli xil hajmdagi guruhlar yaratib, ularga internetning keshlangan versiyasidan foydalanish, shuningdek, kodni ishga tushirish va guruh ichida muloqot qilish imkoniyatini bergan. O‘n mingga yaqin agentdan iborat guruh asosiy yo‘nalishga — Nave-Stoks masalasiga yo‘naltirilgan va 5-sentabrda — taxminan 88 soat vaqt ichida yechim topilgan. Natijalarni Lean teoremalarini interaktiv isbotlash tizimida rasmiylashtirish va tekshirish uchun yana 17 soat vaqt talab qilindi. Kompaniya tadqiqot rahbari Mark Chenning so‘zlariga ko‘ra, hisoblash resurslari millionlab dollarga tushgan.

Natijaning mazmuni quyidagicha: model muayyan sharoitda suyuqlik oqimi chekli vaqt ichida cheksiz tezlikka yetishini — ya’ni tenglamaning “buzilishini” — ko‘rsatdi. Haqiqiy fizikada bunday bo‘lishi mumkin emas, demak tenglamalar chegaraga ega. O‘z bayonoti oxirida OpenAI kompaniyani tadqiqot boshlashga undagan mish-mishlar Nyu-York universiteti matematika professori Tristan Bakmaster va Anthropic kompaniyasida ishlaydigan matematik Levent Alpyogening ishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Kompaniya Eyler masalasini yechishda olimlarning ustuvorligini tan olishini ikki marta ta’kidladi, shuningdek, “Ming yillik mukofoti”ni olishga da’vogar emasligini ma’lum qildi.

Tristan Bakmaster 8-sentabr kuni Mastodon ijtimoiy tarmog‘ida bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha o‘z versiyasini bayon etgan bayonot matnini e’lon qildi. Bakmasterning so‘zlariga ko‘ra, uning Alpyoge bilan hamkorlikdagi ishi butunlay shaxsiy loyiha bo‘lib, unda bevosita ish beruvchilari ishtirok etmagan. U, shuningdek, tadqiqot dasturining asosida olimlar muhim boshlang‘ich nuqta sifatida foydalangan boshqa ikki matematik — Diyego Kordova va Luis Martines-Soroaning ishlari yotishini ta’kidladi. Olimlarning shaxssizlantirilgan ma’lumotlari SI agentlari ish natijalarini yaxshilashga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabariga izoh berar ekan, Bakmaster shunday ritorik savol qo‘yadi: “E’tibor bering, ular biz natijalarimizni olganimizdan keyingi davrga oid o‘quv ma’lumotlaridan foydalanganini ochiq tan olishyapti. Mijozdan o‘zib ketish uchun uning ma’lumotlaridan foydalanish axloqqa to‘g‘ri keladimi?”

“Ming yillik masalalar” yechimi uchun mukofot va’da qilgan Kley matematika instituti yechimga baho berishga shoshilmayapti. Shunga qaramay, 11-sentabrda institut muammo “hal qilingan ko‘rinadi” degan mazmunda bayonot e’lon qildi va masalaning saytdagi maqomini “yechilmagan”dan “faol”ga o‘zgartirdi — lekin bu mukofot berilishi yoki isbot tasdiqlanganini anglatmaydi. Qoidaga ko‘ra, yechim avval nufuzli, hakamlar tekshiruvidan o‘tadigan jurnalda chop etilishi, shundan keyin kamida ikki yil vaqt o‘tishi va matematiklar hamjamiyatida umumiy e’tirof qozonishi kerak. Yettita masaladan hozirgacha faqat bittasi — Puankare gipotezasi — rasman yechilgan deb tan olingan.

11-sentabr kuni eng nufuzli matematika mukofoti — Fields mukofotining 25 nafar laureatining sun’iy intellektni matematikada qo‘llash bo‘yicha ochiq murojaati e’lon qilindi. Olimlarning fikricha, yangi texnologiya umuman ilmiy bilimlarga, xususan, matematikaga xavf tug‘diradi. Mualliflar sun’iy intellekt murakkab matematik masalalarni tobora yaxshiroq hal etayotganini tan olishadi, biroq u ushbu yechimlarni amaliyotga joriy etish va kelgusida rivojlantirish, shuningdek, mualliflik huquqi hamda plagiat bilan bog‘liq yangi muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Ochiq murojaat mualliflari orasida, jumladan, Terens Tao, Marina Vyazovskaya, Per Delin, Andrey Okunkov, Martin Xayrer va boshqa olimlar bor. 18-sentabr holatiga ko‘ra, murojaatni 7,5 mingga yaqin kishi imzolagan.

Source: www.gazeta.uz