Fransiyada davom etayotgan o‘quvchilar va talabalar norozilik namoyishlari tobora keskin tus olar ekan, mamlakat bo‘ylab 500 tagacha maktab to‘liq yoki qisman yopilishi ma’lum qilindi. Parij rejimi vakillarining aytishicha, o‘quv jarayonini tiklashga urinishlarga qaramay, xavfsizlik ta’minlanmagani sababli yuzlab ta’lim muassasalarida darslarni to‘xtatishdan boshqa chora qolmagan.
Makron rejimining Ta’lim vaziri Eduard Joffrayning da’vo qilishicha, ehtiyot choralari darslarga bosqichma-bosqich qaytishni ta’minlashga qaratilganmish. Biroq namoyishchilar sinflarning haddan tashqari to‘laligi, o‘qituvchilar yetishmasligi va og‘ir ta’lim sharoitlariga qarshi e’tirozlarini yanada kuchaytirish niyatida. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, norozilik to‘lqini boshlangandan beri kamida 24 ta maktab yoqib yuborilgan yoki talon-toroj qilingan.
E’tirozlar Parij atrofidagi hududlardan boshlanib, tez sur’atlarda butun respublika bo‘ylab yoyildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida 170 dan ortiq talaba va 78 nafar ta’lim xodimi jarohatlangan. Namoyish tashkilotchilari esa Fransiya rejimi tomonidan hech qanday aniq va amaliy chora ko‘rilmayotganini ta’kidlab, keng ko‘lamli harakatlarni davom ettirishga chaqirmoqda.
Politsiyaning namoyishchilarga nisbatan shafqatsiz harakatlari ham jamoatchilikda keskin e’tiroz uyg‘otmoqda. Ichki ishlar idoralari bir haftaning o‘zida 5000 dan ziyod odamni hibsga olganini bildirdi, ularning 85 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar politsiyaning mutanosib bo‘lmagan kuch ishlatishini tanqid qilib, o‘smirlarni qatag‘on qilish emas, balki ularning talablarini tinglash kerakligini ta’kidlamoqda. Rejim rasmiylari esa, o‘z odatlariga ko‘ra, tartibsizliklarda o‘ta so‘l kuchlarni ayblashga urinmoqda.
Source: www.aljazeera.com