Reuters va Ipsos tomonidan o‘tkazilgan yangi ijtimoiy so‘rov natijalari AQSh rejimi rahbari Donald Trampning xalq orasidagi obro‘si navbatdagi oraliq saylovlar arafasida tarixiy minimum darajaga tushib qolganini ko‘rsatmoqda. Olti kunlik so‘rovnomaga ko‘ra, amerikalik saylovchilarning atigi 32 foizi Tramp olib borayotgan siyosatni ma’qullagan. Ushbu past ko‘rsatkich Vashington rejimi ichidagi chuqur beqarorlik va fuqarolar o‘rtasidagi jiddiy norozilik kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, lotin amerikalik saylovchilar orasida qo‘llab-quvvatlash keskin pasayib ketgani rejim uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Hisobotlarga ko‘ra, ispaniyzabon aholi orasida Trampning reytingi 24 foizgacha qisqarib, uning hokimiyatdagi ikkala davri uchun eng quyi nuqtaga yetgan. Vaholanki, 2024-yilgi prezidentlik poygasida u mazkur elektoratning 48 foiz ovozini qo‘lga kiritgani iddao qilingan va bu uning Oq uyga qaytishida hal qiluvchi omil bo‘lgan deb hisoblanar edi. Endilikda esa ushbu saylovchilarning 52 foizi bo‘lajak saylovlarda demokratlarni qo‘llab-quvvatlash niyatida ekani aytilmoqda.
AQSh rejimining ichki va tashqi siyosatdagi tajovuzkor hamda samarasiz qadamlari mazkur inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, keskin ko‘tarilib ketgan yashash xarajatlari, Eronga qarshi boshlangan xatarli urush va qattiqqo‘l immigratsiya tazyiqlari jamoatchilik g‘azabini kuchaytirgan. Hatto Respublikachilar lagerining o‘zida ham norozilik ovozlari yangramoqda; xususan, vakil Mariya Elvira Salazar rejimning jinoyat sodir etmagan muhojirlarni ommaviy hibsga olish va deportatsiya qilish amaliyoti xiyonat sifatida qabul qilinayotganini ochiq e’lon qildi.
Kongressdagi ikkala palata nazoratini yo‘qotish xavfi ostida qolganiga qaramay, Tramp o‘zining saylovoldi pozitsiyasini o‘rinsiz optimizm bilan himoya qilishga urinmoqda. U butun mamlakat bo‘ylab 32 kunlik mitinglar marafonini boshlab, go‘yoki hamma uning tashrifini istayotganini da’vo qilmoqda. Biroq Vashington rejimi duch kelayotgan chuqur ijtimoiy bo‘linish va saylovchilarning hafsalasi pir bo‘lishi qarshisida ushbu populist chiqishlar mag‘lubiyat muqarrarligini yashira olmayotgandek ko‘rinadi.
Source: www.aljazeera.com