Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Keniyada xavfli Ebola bezgagi oqibatida mamlakatdagi birinchi oʻlim holati rasman tasdiqlandi. Sogʻliqni saqlash vaziri Aden Dualening maʼlum qilishicha, Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) yashab kelgan Keniya fuqarosi oʻtgan dam olish kunlarida Uganda orqali vataniga qaytganidan soʻng vafot etgan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bemor taxminan bir oy muqaddam KDRda kasallangan va u yerda davolangan. Shundan soʻng u quruqlik orqali Uganda poytaxti Kampalaga yetib borib, 3-oktyabr kuni samolyotda Nayrobiga uchib kelgan. Bemor yuqori tana harorati, qaltiroq, kuchli holsizlik, mushaklardagi ogʻriq, yutinishdagi qiyinchiliklar hamda teri ostida qon ketish alomatlari bilan ogʻir ahvolda boʻlgan. Tahlillar Ebola virusini tasdiqlaganidan soʻng, erkak dushanba oqshomida vafot etdi.

Hozirda Keniya hukumati kasallik tarqalishining oldini olish boʻyicha favqulodda choralarni kuchaytirgan. Bemor bilan bevosita muloqotda boʻlgan 28 kishi, jumladan uning qarindoshlari va tibbiyot xodimlari karantinga olingan. Shuningdek, u bilan bitta samolyotda uchib kelgan 23 nafar yoʻlovchi va ekipajning 4 nafar aʼzosi ham qatʼiy nazoratga olingan.

Shu tariqa, Keniya joriy epidemiyada Ebola holati qayd etilgan toʻrtinchi davlatga aylandi. Virus dastlab may oyida KDRda aniqlangan boʻlib, hozirgacha qoʻshni Ugandada 20 ta holat, shuningdek Fransiyada bitta holat roʻyxatga olingan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, KDRda 8400 dan ortiq kasallanish va 4000 dan ziyod oʻlim holati qayd etilgan. Mazkur epidemiyani hozirda tasdiqlangan vaksinasi yoki maxsus davosi boʻlmagan kamyob Bundibugyo shtammi keltirib chiqargani jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

Source: www.dw.com