AQSH rejimi rahbari Donald Tramp 2009-yilda Texas shtatidagi «Fort-Xud» harbiy bazasida ommaviy qirg‘in sodir etgan sobiq armiya psixiatri Nidal Hasanni otuv guruhi (otib o‘ldirish) yordamida qatl qilish to‘g‘risida farmoyish berdi. Pentagondagi manbalarning xabar berishicha, ushbu qaror urush vaziri Pit Xegsetning tavsiyasiga ko‘ra ma’qullangan bo‘lib, qatlning aniq sanasi va joyi AQSH armiyasi kotibiyati tomonidan belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Falastin millatiga mansub bo‘lgan AQSH fuqarosi Hasan agar ushbu farmoyish ijro etilsa, so‘nggi 60 yildan ortiq vaqt mobaynida Amerika harbiylari tomonidan qatl qilingan birinchi xizmatchi bo‘ladi. U 2013-yilning avgust oyida harbiy tribunal tomonidan qasddan 13 kishini o‘ldirish va o‘nlab odamlarning hayotiga suiqasd qilishda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Hujum paytida u yaralanib, qisman falaj holatida hibsga olingan.
Ushbu mojaro AQSH rejimining ichki siyosatidagi chuqur ziddiyatlar va zo‘ravonlik ko‘rinishlarini yana bir bor ochib bermoqda. Tramp rejimi joriy yilning aprel oyida qatllarni tezlashtirish va shafqatsiz usullarni qayta tiklash maqsadida otib o‘ldirish, gaz vositasida bo‘g‘ish hamda elektr stuli kabi usullarni qonuniylashtirgan edi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Amerika armiyasida so‘nggi marta o‘lim jazosi 1961-yilda dorga osish orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, rasmiy otib o‘ldirish amaliyoti esa oxirgi bor 1945-yilda qayd etilgan.
Source: www.aljazeera.com