Nigeriya janubidagi Ondo shtatida harbiy samolyot qulab tushishi oqibatida bortda bo‘lgan barcha 25 nafar inson halok bo‘ldi. Qidiruv-qutqaruv guruhlari falokat yuz bergan joyda operatsiya o‘tkazib, omon qolganlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Nigeriya Harbiy-havo kuchlari (NAF) bergan rasmiy bayonotga ko‘ra, halokatga uchragan NAF 931 bortida 20 nafar yo‘lovchi hamda 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Dastlab aviatsiya vaziri Festus Keyamo halok bo‘lganlar sonini 32 nafar deb e’lon qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik aniqlik kiritilib, qurbonlar soni 25 nafar ekani tasdiqlandi.
ATR-42 rusumli harbiy samolyot Edo shtatidan mamlakatning yirik iqtisodiy markazi bo‘lgan Lagos shahriga rejali parvozni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan soat 09:00 atrofida radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan havo kemasining qoldiqlari Igbokoda hududidagi harbiy-dengiz bazasi yaqinidan topilgan.
Hodisa joyida bo‘lgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, samolyot qulash vaqtida daraxtlarni sindirib o‘tgan. Qutqaruvchilar daryo bo‘ylarida va o‘rmonzor hududlarda qidiruv ishlarini davom ettirmoqda. Nigeriya prezidenti Bola Tinubu fojia qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Source: www.dw.com