Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Efiopiya shimolidagi Tigray mintaqasida qurolli to‘qnashuvlar qayta alangalanayotgan bir paytda bosh vazir Abiy Ahmad yangi muddatga qasamyod qildi. Addis-Abebada bo‘lib o‘tgan rasmiy marosimdan so‘ng qilgan chiqishida hukumat rahbari dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan o‘z mamlakatining Qizil dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishini ta’minlash niyatida ekanini qat’iy ta’kidladi. Bu bayonot esa Efiopiyaning Eritreya bilan munosabatlarini yanada keskinlashtirib, mintaqada yangi keng ko‘lamli urush xavfini tug‘dirmoqda.

Abiy Ahmadning Eritreyaning Assab portini qo‘lga kiritish istagi borasidagi da’volari mintaqaviy qarama-qarshiliklarni chuqurlashtirdi. Qohirada Misr, Eritreya, Somali va Sudan rahbarlarining Efiopiyani chetlab o‘tgan holda uchrashuv o‘tkazishi Addis-Abebaga qarshi yangi mintaqaviy koalitsiya shakllanayotganidan dalolat beradi. Ekspertlarning ogohlantirishicha, o‘zining strategik portidan mahrum bo‘lish xavfiga duch kelayotgan Eritreya yaqin orada Tigray mojarosiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tortilishi mumkin.

So‘nggi kunlarda Efiopiya milliy armiyasi Tigray ma’muriy markazi Mekelle ustidan nazorat o‘rnatganidan so‘ng o‘z qo‘shinlarini Eritreya chegarasi tomon safarbar qila boshladi. Efiopiya hukumati Eritreya kuchlarini isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashda asossiz ayblab, qo‘shni davlatga qarshi ehtimoliy hujumni oqlash uchun zamin yaratayotgani aytilmoqda. Tigray xalq ozodlik fronti (TPLF) jangarilari chegara oldi hududlariga chekingani sababli to‘qnashuvlar chegaradan oshib ketish xavfi juda yuqori.

Afrika shoxi mintaqasidagi vaziyatni Djibuti omili ham murakkablashtirmoqda. Efiopiyaning tashqi savdo yo‘llari aynan Djibutiga tayanadi va ichki giperinflyatsiya sharoitida ushbu marshrutning uzilishi halokatli bo‘lishi mumkin. AQSh rejimi va uning g‘arblik ittifoqchilarining go‘yoki diplomatik sa’y-harakatlar haqidagi va’dalariga qaramay, xorijiy harbiy bazalarga mezbonlik qiluvchi Djibuti atrofidagi bosim oshib, butun mintaqani beqarorlik yoqasiga surib qo‘ymoqda.

Source: www.dw.com