Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Taʼminot yoʻnalishlarining diversifikatsiya qilinishi hamda Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali kemalar qatnovining qisman tiklanishi tufayli Fors koʻrfazi mamlakatlaridan neft eksporti urushdan oldingi koʻrsatkichlarga yetgani xabar qilinmoqda.

Brent fyucherslari narxi bir barrel uchun 100 dollardan pastga tushgan boʻlsa-da, yoqilgʻi narxi hamon rekord koʻrsatkichlarga yaqin darajada qolmoqda. Yaqin Sharqdan hozir asosan xom neft olib chiqilmoqda, chunki Eron zarbalari oqibatidagi zararlanishlar va yangi hujumlar xavfi sabab mintaqadagi koʻplab neftni qayta ishlash zavodlari yopiqligicha qolmoqda. Shu bois dunyoda neft mahsulotlari tanqisligi hamon saqlanib turibdi.

The Wall Street Journal gazetasining Kpler maʼlumotlariga tayanib yozishicha, 21-sentabrdan 27-sentabrgacha boʻlgan bir hafta ichida mintaqadan 160 million barreldan ortiq, yaʼni sutkasiga 23,3 million barrel neft eksport qilingan. Xuddi shunday hajm fevral oyining birinchi yarmida ham tashilgan edi. Biroq ayni paytda eksportning qariyb 55 foizi Oʻmon koʻrfazi hamda Saudiya Arabistoni quvur orqali neft yetkazib berayotgan Qizil dengizdan amalga oshirilmoqda. Urushdan avval esa neftning 80 foizdan ortigʻi aynan Hoʻrmuz orqali joʻnatilar edi.

Reuters agentligining qoʻshimcha qilishicha, sentabr oyida 14 kun davomida barcha yoʻnalishlar boʻyicha mintaqaviy eksport urushdan oldingi darajadan yuqori boʻlgan. Kpler tahlilchilariga koʻra, taʼminot hajmining yaqinda birdaniga oʻsishi Saudiya Arabistonining bozordagi oʻz ulushini tiklash maqsadida Hoʻrmuz orqali tankerlarda neft tashishni faollashtirgani bilan izohlanadi.

Brent fyucherslari sentabr oyining birinchi yarmidan buyon deyarli butun vaqt davomida bir barrel uchun 100 dollardan yuqori baholandi, biroq seshanba kuni ularning narxi 98,1 dollargacha pasaydi. Bunga saudiyaliklar tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi Yaman kuchlarining Qizil dengizga kirish qirgʻoqlarini qaytarib olgani sabab boʻlgani aytilmoqda.

Soha vakillarining bildirishicha, AQSH neft kompaniyalari rahbarlari Hoʻrmuz boʻgʻozidan oʻtayotgan kemalarni qoʻriqlayotgan AQSH rejimi harbiy-dengiz kuchlaridan neft mahsulotlari ortilgan tankerlarni kuzatib borishga koʻproq eʼtibor qaratishni iltimos qilmoqda. Hozirgacha AQSH rejimi asosan supertankerlarga koʻmaklashib kelayotgan edi.

Source: kun.uz