Tailand hukumati mamlakatdan havo transportida chiqib ketayotgan barcha yo'lovchilar uchun maxsus yig'im joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Qirollik Moliya vazirligi tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus mahalliy OAV e'tiborini tortdi va hozirda jamoatchilik muhokamasidan o'tmoqda.
Qonun loyihasiga ko'ra, har bir jo'nab ketayotgan yo'lovchidan 1 ming bat (taxminan 30 dollar) miqdorida to'lov undirilishi ko'zda tutilgan. Ushbu yig'im parvozdan oldin to'lanishi shart bo'lib, aviakompaniyalar va sayyohlik agentliklari uni aviabiletlar narxiga avtomatik tarzda kiritishi kutilmoqda. Shuningdek, tarifning maksimal miqdori 5 ming batgacha yetishi mumkinligi aytilmoqda, biroq gradatsiya mezonlari hozircha aniqlashtirilmagan. Qizig'i shundaki, mamlakatni quruqlik yoki dengiz yo'li bilan tark etayotgan sayohatchilar uchun bunday to'lov nazarda tutilmagan.
Mutaxassislarning fikricha, Yevropa va Osiyo yo'nalishlarida sayyohlik oqimini tartibga solish bahonasida joriy etilayotgan bunday cheklovlar sayohatchilar uchun qo'shimcha moliyaviy yukga aylanishi mumkin. Ayniqsa, vizalash jarayonlarining qat'iylashuvi fonida bu kabi yangiliklar turizm bozoriga salbiy ta'sir ko'rsatishi taxmin qilinmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Tailand hukumati xorijiy fuqarolar uchun vizasiz bo'lish muddatini qisqartirgan edi. Xususan, O'zbekiston fuqarolari uchun ham qoidalar o'zgarib, oldin mavjud bo'lgan 60 kunlik vizasiz rejim bekor qilingan va oldindan viza rasmiylashtirish talabi qo'yilgandi. Hozirda o'zbekistonliklar onlayn tizim orqali ariza topshirishlariga qaramay, konsullik yig'imini to'lashda qator murakkabliklarga duch kelishmoqda, chunki to'g'ridan-to'g'ri onlayn to'lov imkoniyati yaratilmagan.
Source: podrobno.uz