2001-yilning 25-sentabrida Rossiya rahbari Vladimir Putin Germaniya parlamenti — Bundestagda tarixiy nutq so‘zlagandi. Ushbu chiqish AQShdagi 11-sentabr fojiasidan atigi ikki hafta o‘tib bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda Kreml rasmiylari Vashingtonning terrorizmga qarshi kurashdagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilib, razvedka ma’lumotlarini almashishga va havo yo‘laklarini ochishga tayyorligini bildirgan edi. Moskva hatto Markaziy Osiyo davlatlari AQShga harbiy baza taqdim etishiga ham qarshilik qilmasligini ma’lum qilgandi.
Biroq ushbu yaqinlashuv fondida Rossiya va G‘arb o‘rtasida ko‘plab hal etilmagan ziddiyatlar saqlanib qolayotgandi. Xususan, Polsha, Chexiya va Vengriyaning NATOga a’zo bo‘lishi, keyingi bosqichda Boltiqbo‘yi mamlakatlarining qo‘shilishi rejalashtirilayotgani Moskva tomonidan o‘z chegaralariga nisbatan tahdid sifatida baholangandi. Shuningdek, 1999-yilda NATOning BMT ruxsatisiz Yugoslaviyani bombardimon qilishi va yadroviy qurollarni qisqartirish hamda raketaga qarshi mudofaa shartnomalari bo‘yicha kelishmovchiliklar ikki tomonlama munosabatlardagi ishonchsizlikni kuchaytirgandi.
O‘zining nemis tilida davom etgan ma’ruzasida Putin Yevropaning xavfsizlik arxitekturasi va Rossiya bilan integratsiyalashuvi muhimligiga urg‘u berdi. U Yevropa o‘z imkoniyatlarini Rossiyaning tabiiy, hududiy va inson resurslari bilan birlashtirsa, jahon siyosatining mustaqil markaziga aylanishini da’vo qildi. Shuningdek, sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi va dunyodagi o‘zgarishlar hamda sovuq urush saboqlari haqida fikr yuritdi.
Shunga qaramay, Rossiya rahbari G‘arb davlatlari bilan xavfsizlik sohasida samarali mexanizmlar yaratilmagani va qarorlar ko‘pincha Moskvaning ishtirokisiz qabul qilinishidan noroziligini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchilar o‘zgarib borayotgan dunyo voqeliklarini to‘la anglab yetmagani va hamkorlik borasida eski ishonchsizliklar saqlanib qolayotgani xavfsizlikka tahdid solmoqda. Keyingi yillarda esa ushbu Berlin minbarida namoyon bo‘lgan yaqinlashuv asta-sekin barham topib, qarama-qarshiliklarga o‘rin bo‘shatib berdi.
Source: www.gazeta.uz