Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) tarqatgan so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Yamanda so'nggi haftalarda jangovar harakatlar keskin avj olgach, 200 mingdan ziyod tinch aholi o'z doimiy yashash joylarini tashlab ketishga majbur bo'lgan. Ushbu ko'rsatkich sentyabr oyining o'rtalarida atigi 76 ming nafarni tashkil etgan bo'lib, inqirozning misli ko'rilmagan darajada tez sur'atlar bilan kengayib borayotganidan dalolat beradi.

XMT Bosh direktori Emi Poup chorshanba kuni tarqatgan bayonotida yuzaga kelgan vaziyatni o'ta xavotirli deb atadi va jabrlanganlar hayoti xavf ostida ekanini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, odamlar o'z jonini saqlab qolish uchun qochmoqda, biroq ularning boshpanasiz qolishi va oziq-ovqatga bo'lgan ehtiyoj keskin oshgani sababli xalqaro hamjamiyatdan qo'shimcha mablag' ajratishni talab qilmoqda.

Eslatib o'tamiz, BMT vositachiligida 2022 yilda tuzilgan sulh bitimidan beri Yaman hududida eng yirik harbiy to'qnashuvlar qayd etilmoqda. Xususan, hukumat kuchlari va Yamanning shimoliy qismlarini nazorat qiluvchi husiylar o'rtasidagi qarama-qarshilik mintaqadagi gumanitar fojiani yanada chuqurlashtirgan.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturining juma kungi ogohlantirishicha, qayta boshlangan harbiy harakatlar oqibatida Yaman ayrim hududlaridagi oilalarning to'rtdan uchtasi ocharchilikka yuz tutmoqda. Shuningdek, 3,7 mingdan ortiq fuqarolar dengiz orqali Jibutiga qochib o'tishga muvaffaq bo'lgani aytilmoqda.

Source: www.aljazeera.com