Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Berlin aholishunoslik va taraqqiyot instituti hamda Vüstenrot jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, Germaniya aholisi soni 2025 yildagi 83,5 million kishidan 2045 yilga borib taxminan 81,8 million nafargacha qisqarishi kutilmoqda. Biroq, mutaxassislarning fikricha, asosiy muammo umumiy sonning kamayib borishida emas, balki nafaqaxo‘rlar ulushining to‘xtovsiz o‘sishi fonida mehnatga layoqatli aholining keskin qisqarishidadir. Mamlakat bo‘ylab ishchi kuchi 2045 yilga kelib 4.7 foizga qisqarishi taxmin qilinmoqda.

Institut rahbari Katerina Xintsning ta’kidlashicha, «beybi-bum» davrida tug‘ilgan avlod vakillari nafaqaga chiqmoqda, ularning o‘rnini egallaydigan yoshlar esa sezilarli darajada kam. Tug‘ilish ko‘rsatkichlari pasayib bormoqda, migratsiya oqimi esa o‘lim ko‘rsatkichining tug‘ilishdan oshib ketishini qoplashga yetarli emas. Natijada, Germaniya rejimining ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda va vaziyatni yumshatish imkoniyatlari yildan-yilga torayib bormoqda.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, mamlakat hududlari bo‘yicha demografik jarayonlar turlicha kechmoqda. Berlin kabi yirik shaharlar va ularning atrofi o‘sishda davom etib, poytaxt aholisi 2045 yilga borib deyarli 10 foizga ko‘payishi kutilayotgan bo‘lsa-da, sharqiy hududlar va ayrim g‘arbiy shaharlar chuqur tanazzulga yuz tutmoqda. Sharqiy Germaniyadagi o‘n ikkita tuman eng zaif ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, u yerda mehnatga layoqatli aholi 18 foizgacha kamayishi bashorat qilinmoqda.

Mualliflarning fikricha, yevropalik mulozimlar va mahalliy siyosatchilar hududiy tafovutlarni bartaraf etish va byurokratik cheklovlarni kamaytirish uchun zudlik bilan aniq choralarni ko‘rishi shart. Biroq, Germaniya rejimining moliyaviy imkoniyatlari cheklangani va mavjud qat’iy qoidalar sababli bu boradagi muammolar uzoq muddatli inqiroz xavfini saqlanib qolmoqda.

Source: www.dw.com