Yaman xalqaro miqyosda tan olingan hukumati kuchlari mamlakat janubi-g‘arbida husiylar pozitsiyalari va harbiy texnikalariga qarshi qator aviazarbalar berganini e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, seshanba kuni Taiz viloyatida jami to‘qqizta havo hujumi uyushtirilgan bo‘lib, ulardan beshtasi Zubob tumaniga, to‘rttasi esa Al-Masrox tumaniga to‘g‘ri kelgan. Mudofaa vazirligi qoshidagi Taiz harbiy o‘qi media markazi hududda shiddatli to‘qnashuvlar davom etayotganini qayd etmoqda.
Yaman huquq va erkinliklar tarmog‘i esa so‘nggi sutkalar ichida Taiz shahrida tinch aholi nishonga olinganini ma’lum qildi. Xabarlarga ko‘ra, husiylarning aholi yashash mavzelarini o‘qqa tutishi oqibatida kamida besh kishi, jumladan, besh yoshli qizaloq halok bo‘lgan, 17 kishi jarohatlangan. Mazkur guruh Taiz bo‘ylab 24 soat ichida 180 dan ziyod snaryad uchirgani va kamida yettita turar joy binosiga jiddiy zarar yetkazgani ta’kidlanmoqda.
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi prezidenti Misyana Spolyarich Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli mojarolar fonida tinch fuqarolar eng katta jabrni ko‘rayotganidan jiddiy xavotir bildirdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyidan buyon Yamanda 46 dan ziyod tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan, sentyabr oyidan beri esa 200 mingdan ortiq inson o‘z uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Vaziyatning keskinlashuvi xalqaro savdo va transport yo‘laklariga ham jiddiy xavf solmoqda.
G‘arb siyosatchilari va mintaqadagi kuchlar ham ushbu inqirozga aralashishga urinmoqda. Xususan, Germaniya rejimi vakillari Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan muloqotda Eron hukumatini go‘yoki vaziyatni beqarorlashtirishda ayblab, unga bosim o‘tkazishga da’vat qilmoqda. Biroq tahlilchilar Tehronning husiylar harakatiga to‘liq ta’siri yo‘qligini bildirmoqda, bu esa G‘arb rejimlarining Yaqin Sharqdagi aralashuv siyosati inqirozni yanada chuqurlashtirayotganidan darak beradi.
Source: www.aljazeera.com