AQShda Donald Trump boshchiligidagi rejim mamlakatga kelayotgan xorijliklarga nisbatan bosimni yanada kuchaytirdi. Ma'lum qilinishicha, 2025-yil yanvar oyida ikkinchi muddatga kirishganidan beri AQSh rejimi 300 mingdan ortiq vizalarni bekor qilgan. Ushbu qattiqqo‘l siyosat faqatgina qonunbuzarlarga emas, balki ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari hamda norozilik namoyishlaridagi ishtiroki amaldagi hukumatga ma'qul kelmagan chet elliklarga ham daxldor bo‘lmoqda.
Joriy yilning 20-oktabr kuni AQSh Davlat departamenti vakili Tommi Pigott ushbu raqamlarni tasdiqlab, mamlakat tarixida hech qaysi ma'muriyat vizalarni bunday tezkorlik bilan bekor qilmaganini iddao qildi. Ta'kidlanishicha, so‘nggi haftalarda bu boradagi jarayonlar yanada tezlashgan. Xususan, avgust oyida Davlat departamenti 175 mingdan ortiq viza bekor qilingani haqida ma'lumot bergan edi, biroq qisqa fursat ichida bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravarga oshgan.
Vashingtondagi rejim vakillari mazkur keskin choralarni milliy xavfsizlikni ta'minlash zarurati bilan izohlamoqda. Tommi Pigottning so‘zlariga ko‘ra, AQSh rejimi qonunbuzarlik qilgan, firibgarlikka qo‘l urgan yoki xavfsizlikka tahdid soluvchi xorijliklarga nisbatan murosasizlik prinsipiga amal qilmoqda. Biroq, inson huquqlari faollari bu vajlarni keskin tanqid ostiga olib, huquqiy tartib-taomillar va so‘z erkinligi kafolatlari poymol etilayotganini ta'kidlashmoqda.
Mutaxassislar va huquqshunoslarning fikricha, eng bahsli qarorlar sirasiga Falastin tarafdorlari bo‘lgan norozilik namoyishlari ishtirokchilarining vizalari bekor qilingani kiradi. Shuningdek, konservativ sharhlovchi Charli Kirkning o‘ldirilishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirgan chet elliklar ham rejim tazyiqiga uchragan. Ushbu holatlar mamlakatda so‘z erkinligi va dissidentlarga nisbatan tahdidlar kuchayganidan dalolat beradi.
Source: podrobno.uz