Xalqaro miqyosda keskin e'tirozlarga sabab bo‘lgan va AQSh rejimi mablag‘lari evaziga yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ustida o‘tkazilishi rejalashtirilgan gepatit B vaksinasi sinov loyihasi to‘xtatilgani ma'lum qilindi. Ushbu munozarali tashabbus Gvineya-Bisau hukumati tomonidan rad etilib, oxir-oqibat butunlay barbod bo‘ldi.
Daniyalik tadqiqotchi Frederik Shals-Buxolser o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida loyiha Gvineya-Bisau hududida davom etmasligi «aniq bo‘lganini» yozib, ularga zarur davlat ruxsati berilmaganini tan oldi. Avvalroq Gvineya-Bisau sog‘liqni saqlash vaziri Kinyin Nantote bunday loyiha amalga oshirilishini qat'iyan rad etib, bu haqdagi xabarlar haqiqatga mutlaqo zid ekanini ta'kidlagan edi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur tadqiqot AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) tomonidan ajratilishi kerak bo‘lgan 1,6 million dollar hamda xususiy jamg‘armalarning shuncha mablag‘i evaziga moliyalashtirilishi rejalashtirilgan edi. Biroq mahalliy hokimiyat organlari Bandim sog‘liqni saqlash loyihasi idoralarida tintuv o‘tkazib, tadqiqotchilarga tegishli vaksinalarni musodara qildi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur sinovlar aholi o‘rtasida jiddiy shubha va ishonchsizlik uyg‘otgan. Xususan, tajriba qatnashchilari vaksina olish yoki olmaslikni ixtiyoriy hal qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgani, ya'ni haqiqiy xabardor qilingan rozilik tamoyili buzilgani qattiq tanqid ostiga olindi.
Source: www.theguardian.com