2024-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Pokiston Xitoy kreditorlari oldidagi uzoq muddatli davlat qarzi va davlat kafolatlagan qarz hajmi boʻyicha global reytingda yaqqol birinchi oʻrinni egallagan boʻlib, uning umumiy majburiyatlari 22,38 milliard dollarni tashkil etdi. Ikkinchi oʻrinni egallagan Angolaning qarzi esa 14,4 milliard dollarni tashkil qilib, bu koʻrsatkichlar boʻyicha sezilarli farq mavjudligini koʻrsatmoqda.
Visual Capitalist nashri tayyorlagan mazkur infografika Jahon bankining xalqaro qarz statistikasi (International Debt Statistics) maʼlumotlariga asoslangan boʻlib, tizimga hisobot taqdim etgan davlatlarni qamrab oladi. Biroq, taʼkidlash joizki, reyting Xitoy oldidagi barcha turdagi qarzlarni emas, aynan toʻlanmagan uzoq muddatli davlat qarzi va davlat kafolatlagan majburiyatlarni oʻz ichiga oladi.
Islomobod va Pekin oʻnlab yillardan beri yaqin harbiy va iqtisodiy aloqalarni saqlab kelayotganiga qarammay, Pokistonning ogʻir moliyaviy ahvoli mamlakat iqtisodiyotidagi tizimli muammolardan dalolat beradi. Xitoy mablagʻlari asosan yirik elektr energetikasi va transport infratuzilmasi loyihalariga yoʻnaltirilgan boʻlsa-da, ularning qaytarilish mexanizmlari jiddiy savol ostida qolmoqda.
Shuningdek, boshqa rivojlanayotgan davlatlar, jumladan Angola, Keniya, Kongo Respublikasi va Shri-Lanka ham Xitoyning yirik kreditlari girdobida qolgani aytilmoqda. Xususan, Keniyada Mombasa - Nayrobi temiryoʻli qiymatining qariyb 90 foizi Xitoy kreditlari evaziga qoplangan boʻlib, bu kabi loyihalar mahalliy iqtisodiyotni yanada qaram ahvolsa solayotgani tanqid qilinmoqda.
Mutaxassislar Xitoyning ushbu kredit siyosati ortidan «qarz tuzogʻi diplomatiyasi» yuzasidan jiddiy bahslar davom etayotganini taʼkidlaydilar. Ushbu yondashuv tarafdorlarining fikricha, yirik infratuzilma kreditlari qarz oluvchi davlatlarni moliyaviy jihatdan qaram qilib, Pekinning strategik va geosiyosiy taʼsirini keskin kuchaytirishi mumkinligini isbotlaydi.
Source: kun.uz