Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

«Bolalar farovonligiga investitsiyalar» sammitining madaniy dasturi doirasida O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva sammitda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning birinchi xonimlari va taniqli yuqori martabali mehmonlar bilan birgalikda Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston birinchi xonimi o‘zining rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qildi, deb xabar berilmoqda matbuotda.

Tashrif chog‘ida Ziroat Mirziyoyevaga Turkiya birinchi xonimi Emine Erdog‘an, Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarova, Livan birinchi xonimi Nimat Aun, NUN Ta’lim va madaniyat jamg‘armasi boshqaruvi raisi Esro Albayrak hamda Pokiston bosh vazirining qizi Oyssha Horun hamrohlik qilishdi. Delegatsiya vakillari O‘zbekistonning boy tarixiy va ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishishdi.

Mehmonlarga buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning ilmiy merosi, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yaratilgan innovatsion muzey faoliyati hamda majmuada saqlanayotgan noyob eksponatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Tashrif buyuruvchilar bu yerdagi yaratilgan sharoitlar va ma’naviy muhitga yuqori baho berishdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tashrifdan avval yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi «IMKON» markazining ochilish marosimida ham ishtirok etishgan edi. Ushbu markaz maktabgacha ta’lim, korreksion-pedagogik yordam hamda bolalarni kompleks reabilitatsiya qilish ishlarini o‘zida mujassam etgan muhim ijtimoiy loyiha hisoblanadi.

Source: www.uznews.uz