Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qatarning Doha shahrida boʻlib oʻtgan UNCTAD Jahon investitsiya forumi doirasida Afrika davlatlari vakillari va xalqaro ekspertlar Yaqin Sharqdagi davom etayotgan geosiyosiy tanglikning qora soyasi qitʼa iqtisodiyotiga qanday taʼsir koʻrsatayotganini muhokama qilishdi. BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) rasmiysi Lus Mariya de la Mora va bir qator Afrika davlatlari vazirlarining taʼkidlashicha, AQSh va Isroil rejimining Eron milliy manfaatlariga qarshi harakatlari keltirib chiqargan Ormuz boʻgʻozidagi mojaro butun dunyo boʻylab yoqilgʻi va oʻgʻit narxining keskin oshishiga sabab boʻlmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, oʻgʻitlar narxining asossiz ravishda osmonga chiqib ketishi koʻplab mamlakatlarni ulardan foydalanishni qisqartirishga majbur qilmoqda va bu yaqin kelajakda qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligiga jiddiy zarar yetkazishi kutilmoqda. Bu esa oʻz navbatida oziq-ovqat tanqisligi va narxlarning yanada qimmatlashish xavfini tugʻdiradi. Avvallari global neft va suyultirilgan gaz savdosining beshdan biri oʻtadigan ushbu strategik suv yoʻlidagi uzilishlar taʼminot zanjirlarini izdan chiqarib, kutilganidan ham uzoqroq davom etayotgani aytilmoqda.

Afrika mamlakatlari bu global zarbani turlicha qarshi olmoqda. Masalan, Zimbabve va Uganda kabi agrar iqtisodiyotga tayangan davlatlar yoqilgʻi narxining keskin oshishidan qattiq jabr koʻrdi. Ugandada yoqilgʻi narxi ikki barobardan ziyod qimmatlashgani, shuningdek, milliy valyuta – shilling AQSh dollari qarshisida oʻz qiymatining oʻn foizini yoʻqotgani maʼlum qilindi. Shunga qaramay, mahalliy dehqonchilik va oʻz-oʻzini oziq-ovqat bilan taʼminlash tizimi Ugandaga xalqaro bozorlardagi oʻzgarishlarning ayrim salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam berayotgani qayd etildi.

Zimbabve rasmiylari esa yuzaga kelgan murakkab sharoitda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va geosiyosiy ziddiyatlardan xoli boʻlish muhimligini taʼkidladilar. Mamlakat litiy kabi oʻnlab muhim minerallarga boy boʻlishiga qaramay, xalqaro kapitalni jalb qilishdagi qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda. Shuningdek, Kongo Respublikasi bosh vazir oʻrinbosari Jan-Jak Buya Afrikaning faqatgina xomashyo bazasi boʻlib qolishi mumkin emasligini, kelgusida resurslarni mahalliy darajada qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish zarurligini qatʼiy taʼkidlab oʻtdi.

Source: www.aljazeera.com