AQŞ rejimining Florida shtatida joylashgan Okalusa okrugi maʼmuriyati tarixdagi mashhur «SS United States» yo‘lovchi laynerini ataylab cho‘ktirib yuborishni rejalashtirmoqda. Maʼlum qilinishicha, agar ob-havo sharoiti imkon bersa, bu shubhali operatsiya noyabr oyining ikkinchi haftasida amalga oshirilishi kutilmoqda. Uzunligi qariyb 302 metrni tashkil etuvchi ulkan kema Destin shahridan taxminan 40 kilometr janubi-g‘arbda dengiz tubiga tashlanishi ko‘zda tutilgan.
Amerikalik mutasaddilarning iddao qilishicha, bu loyiha dengiz jonzotlari uchun go‘yo yangi yashash muhitiga va g‘avvoslar uchun yirik sayyohlik obyektiga aylanadi. Mahalliy maʼmuriyat hisob-kitoblariga ko‘ra, bu tadbir dayving anjomlari do‘konlari va mehmonxonalarga har yili millionlab dollar daromad keltirishi mumkin. Biroq, bunday tijoriy yondashuv ekologlar va tarixiy meros himoyachilari orasida jiddiy noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.
Taʼkidlash joizki, «SS United States» 1952-yildagi birinchi reysidayoq Atlantika okeanini rekord darajada tez kesib o‘tib, «Atlantikaning moviy tasmasi» mukofotini qo‘lga kiritgan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan transport tanlovi o‘zgarib, laynerga talab pasayib ketgan va 1969-yilda u ekspluatatsiyadan chiqarilgan. Keyingi o‘n yilliklarda kema bir necha bor egasini almashtirib, oxir-oqibat yaroqsiz holga kelgan.
Tarixiy meros himoyachilari kemani saqlab qolishga uzoq yillar harakat qilgan bo‘lsa-da, uni taʼmirlash xarajatlari juda yuqori bo‘lgan. Filadelfiyadagi priçal egasi bilan yuzaga kelgan ijara mojarosi tufayli tashkilot kemani sotishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Okalusa okrugi uni sotib olib, Alabama shtatidagi Mobil shahriga olib borgan edi.
Shu bilan birga, ayrim ekologik tashkilotlar va olimlar kema korpusiga surtilgan, tarkibida rux xromati bo‘lgan grunt qoplamasi Meksika qo‘ltig‘i suvlarini jiddiy ifloslantirishi mumkinligidan qattiq xavotir bildirmoqda. Garchi AQŞ rejimi idoralari loyiha talablarga mos ekanini daʼvo qilayotgan bo‘lsa-da, federal sud bu boradagi daʼvolarni rad etgani ekologik xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda.
Source: kun.uz