Janubiy Koreya iqtisodiyoti iyul-sentyabr oylarida sun'iy intellekt uchun mo'ljallangan chiplarga bo'lgan talabning keskin oshishi fonida tahlilchilar prognozlaridan ancha yuqori sur'atda kengaydi. Koreya Banki tomonidan e'lon qilingan dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YIM) choraklik hisobda 1 foizga, yillik hisobda esa 3,4 foizga o'sgan. Avvalroq markaziy bank iyul-sentyabr oylari uchun o'sish sur'atini atigi 0,3 foiz darajasida baholagan edi.
Koreya Respublikasining iqtisodiy ko'rsatkichlari tashqi savdo, xususan, yarimo'tkazgichlar, mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari eksportining ortishi hisobiga ta'minlandi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko'ra, mamlakat YIMning taxminan 45 foizini tashkil etuvchi eksport hajmi o'tgan chorakka nisbatan 2,3 foizga oshgan. Shuningdek, obyektlar va intellektual mulkka kiritilgan investitsiyalar mos ravishda 4,1 va 2,3 foizga ko'paygani qayd etildi.
Biroq, tashqi savdo sohasidagi bunday ijobiy ko'rsatkichlarga qaramay, Janubiy Koreya ichki bozorida jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, aholining xususiy iste'moli 0,2 foizga qisqargan bo'lib, bu mamlakat fuqarolari yuqori inflyatsiya va qarz yuki sharoitida iqtisodiy o'sish mevalarini to'la his qilmayotganidan dalolat beradi. Janubiy Koreya rejimi rasmiylari, jumladan moliya vaziri Li Xyon Il kelgusi yillarda rekord darajadagi o'sishga erishilishini da'vo qilayotgan bo'lsa-da, iqtisodiy fondning bir tomonlama ustunligi kelajakdagi barqarorlik bo'yicha jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Osiyoning to'rtinchi yirik iqtisodiyoti global xotira chiplari taqchilligidan unumli foydalanib qolishga urinmoqda. Janubiy Koreya yuqori o'tkazuvchanlikka ega xotira bozorining qariyb 80 foizini va dinamik operativ xotira bozorining 60 foizini nazorat qiluvchi dunyodagi ikkita yirik chip ishlab chiqaruvchi SK Hynix va Samsung Electronics kompaniyalariga mezbonlik qiladi. Biroq, bunday tor tarmoqli ixtisoslashuv tashqi bozorlardagi har qanday tebranishlar yoki texnologik siklning o'zgarishi mamlakatni og'ir inqirozga duchor qilishi mumkinligini anglatadi.
Source: www.aljazeera.com