Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaponiyaning Toxo universiteti tadqiqotchilari xavf tugʻilganda oʻz tanasini halqa shakliga keltirib, gʻildirak kabi yumalab qochadigan ilon turining harakatini yuqori tezlikdagi kameralar yordamida muvaffaqiyatli qayd etishdi. Ushbu oʻziga xos biomexanik usul reptiliyaga odatiy sudralish tezligidan taxminan toʻrt baravar yuqori tezlikda harakatlanish imkonini berishi aniqlandi.

Olimlar tomonidan Kantor qamish iloni – Pseudorabdion longiceps deb nomlangan tur vakillarining harakatlanish xususiyatlari chuqur oʻrganib chiqildi. Maʼlum qilinishicha, bu jonivor oldinga keskin tashlanib, tanasini halqa shakliga keltirgan holda yumalaydi va bu jarayonni ketma-ket takrorlab, xuddi sakrab ketayotgan gʻildirakni eslatuvchi traektoriyani hosil qiladi.

Mazkur gʻayrioddiy usul yordamida ilon soniyasiga qariyb 30 santimetr masofani bosib oʻtishga muvaffaq boʻlmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday tezlik uning oddiy usulda sudralib harakatlanishidan deyarli toʻrt baravar tezroq hisoblanadi va bu dushmandan qochishda muhim ustunlik beradi.

Qizigʻi shundaki, gʻildirakka oʻxshash bunday harakatni amalga oshirish uchun ilonga hech qanday markaziy oʻq kerak emas. U oʻz tanasining muvofiqlashtirilgan aylanish harakatlari orqali muvozanatni saqlab yumalaydi va shu bilan birga boshining holatini barqaror saqlashga erishadi.

Yuqori aniqlikdagi va yuqori tezlikdagi videotasvirlar ilm-fan vakillariga harakat jarayonini sekinlashtirib koʻrish hamda har bir yumalash siklini alohida bosqichlarga boʻlib tahlil qilish imkonini berdi. Tadqiqot natijalari nufuzli Current Biology ilmiy jurnalida eʼlon qilindi.

Source: kun.uz